Qashqadaryolik fuqaro soxta pul yasab, bankdagi qarzdorligini yopishga urindi va javobgarlikka tortildi, deya xabar berdi “Darakchi” muxbiri.
Aniqlanishicha, Kasbi tumanida yashovchi B.A. 8 million 600 ming so`m soxta pul yasab, bankka 5 million so`m soxta pul topshiradi va kreditdan qarzdorligidan yopmoqchi bo`ladi. Biroq, bank xodimlari pulning soxta ekanligini aniqlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Aniqlanishicha, Kasbi tumanidagi xususiy korxona rahbari B.A. 2019 yil 12 noyabr kuni ijara olingan tikuvchilik sexida 172 dona 50 ming so`mlik kupyuradagi 8 million 400 ming so`m qalbaki pul yasaydi. 2019 yil 16 noyabr kuni 98 dona 50 ming so`mlik qalbaki kupyuraga 2 ta haqiqiy 50 ming so`mlik pul qo`shib, 5 million so`mni AT “Xalq banki” tuman filialiga topshiradi va noyabr, dekabr oyi uchun kreditdan yuzaga kelgan qarzdorligini to`lamoqchi ekanligini bildiradi.
2020 yil 18 fevral — seshanba kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Kasbi tuman sudi raisi Maxfirat Ochilova mazkur ishni ko`rib chiqib, soxta pul yasovchi B.A.ga eng kam oylik ish haqining 22 baravari — 4 million 906ming so`m jarima jazosini tayinladi.
Eslatib o`tamiz, bundan avvalroq Koson tumanida yashovchi fuqarolar ham 10 million so`m soxta pul yasab, bozordan ho`kiz sotib olishga uringandi.






