AsosiyJamiyat

Po`lat Bobojonov Xorazmda 10 nafar IIV xodimini xizmat vazifasidan ozod qildi

'Po`lat Bobojonov Xorazmda 10 nafar IIV xodimini xizmat vazifasidan ozod qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatida o`tkazilgan o`rganishlar yakuni bo`yicha Ichki ishlar boshqarmasida kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Xorazm IIB axborot xizmati xabar bergan.

Unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, viloyat hokimi F.Ermanov, viloyat va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun mas`ul bo`lgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan.

Yig`ilishda 2019 yil davomida va joriy yilning o`tgan davrida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta`minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli himoya qilish, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo`l qo`yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.


Shuningdek, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov barcha tuman-shaharlarda 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida shaxsiy tarkib bilan suhbatlar o`tkazib, mahalla, huquq-tartibot idoralari va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish borasida topshiriqlarni berdi.

Bundan tashqari yig`ilish davomida Xorazm viloyatida jinoyatchilikni jilovlash va fuqarolarning xavfsizligini ta`minlash borasida mas`ul idoralarning o`zaro hamkorlikdagi ishlarida kamchiliklar mavjudligi, viloyatning 254 ta mahallalarida sodir etilgan har ettinchi jinoyat «Istiqlol», «Temir yo`lchi», «Olimpiya», «Do`stlik», «Ma`rifat», «Bog`dor» va «Taraqqiyot» mahallalari hissasiga to`g`ri kelayotganligi ta`kidlanib mahalla hududida jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida tashkil etilgan «Jamoatchilik nazorati maskanlari» faoliyatini yo`lga qo`yish, sektor rahbarlari ishtirokida jinoyatlar muhokamasini o`tkazish borasida hokimlik, prokuratura, soliq va ichki ishlar organlari hamda jamoatchilik etarli darajada e`tibor qaratishi lozimligi va bu borada aniq rejaga asoslangan yo`l xaritasini ishlab chiqish lozimligi ta`kidlandi.

Viloyatda kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o`zgartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamoat xavfsizligini ta`minlash borasidagi hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish bo`yicha takliflar ishlab chiqildi:

  • har oyda tuman-shahar sektor rahbarlari tomonidan o`zining hududida kriminogen vaziyati og`ir, eng ko`p jinoyat sodir etilayotgan mahallalar aniqlanib, kelgusida ularning jinoyatchilikni jilovlash borasidagi rejalari bo`yicha hisoboti viloyat sektor rahbarlari huzurida muhokama qilish tartibini joriy etish;
  • jinoyatchilik tahlili 2019 yil mobaynida va 2020 yilning yanvarida jinoyatlar soni oshib ketayotgan Urganch shahriga viloyat IIB boshlig`ining birinchi o`rinbosari T.Qazaqov va jinoyatlar salmog`i yuqoriligicha saqlanayotgan Qo`shqo`pir, Yangiariq, Yangibozor va Bog`ot tumanlariga viloyat IIB boshlig`ining o`rinbosarlarini biriktirib, ularning rahbarligida viloyat darajasidagi tegishli idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, vaziyatni ijobiy tomonga o`zgartirish bo`yicha choralarni ko`rish;
  • har oyda voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, uyushmagan yoshlarning bandligini ta`minlash, ularni jamiyatning faol a`zosiga aylantirish borasidagi ishlarni kuchaytirish, shuningdek, ota-onasi uzoq muddatga chiqib ketgan voyaga etmaganlarga vasiy va homiylarni biriktirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Qolaversa, xotin-qizlar o`rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, axloqsiz xatti-harakatlar, ajrimlar, o`z joniga qasd qilish kabi salbiy illatning oldini olish borasidagi ishlarni tanqidiy o`rganib, viloyat Xotin-qizlar kengashi raisi boshchiligida ishchi guruh tuzib, 2020 yilga mo`ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo`yicha manzilli topshiriqlar berildi.

Yig`ilish davomida o`z xizmat vazifalarni bajarishda mas`uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun viloyat IIB harbiy safarbarlik bo`limi boshlig`i R.Xodjiev, Ekspert-kriminalistika bo`limi boshlig`i Q.O`rinov, Xiva tumani IIB boshlig`ining birinchi o`rinbosari D.Madraximov va Hazorasp tumani IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limi boshlig`i A.Yusupov va yana 6 nafar profilaktika inspektorlari egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi. Shuningdek, bir qator xodimlarga intizomiy jazo choralari qo`llanildi.

Uchrashuv yakunida so`z olgan viloyat hokimi F.Ermanov yig`ilishda ta`kidlangan kamchiliklar yuzasidan fikr bildirib, kelgusida ushbu yo`nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo`yicha yo`l xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko`rsatma va topshiriqlar berdi, deyiladi Xorazm IIB axborot xizmatining xabarida.

    Boshqa yangiliklar