AsosiyJamiyat

Jazoni ijro etishiga qadar talaba bo`lgan shaxslar onlayn tarzda o`qishni davom ettirishi va jazo muddatini o`tab bo`lgach diplomini olishi mumkin

'Jazoni ijro etishiga qadar talaba bo`lgan shaxslar onlayn tarzda o`qishni davom ettirishi va jazo muddatini o`tab bo`lgach diplomini olishi mumkin'ning rasmi

“Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi sessiyasi “Yangi O`zbekistonni – yoshlar bilan birga quramiz” shiori ostida ichki ishlar organlari jazoni ijro etish tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarga bag`ishlandi.

Unda Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, bir guruh yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida so`nggi uch yil mobaynida ichki ishlar organlari jazoni ijro etish tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga doir qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, jazoni ijro etish muassasalarida olib borilgan rekonstruksiya va ta`mirlash ishlari, shuningdek, eskirgan bino va inshootlar o`rnida yangilari qurilib, foydalanishga topshirilgani haqida batafsil ma`lumot berildi. 

Sessiyada ta`kidlanishicha, jazoni ijro etish koloniyalari va tergov hibsxonalarida barcha zarur shart-sharoitlarga ega bo`lgan advokat va tergovchilar uchun 69 ta alohida xonalar tashkil etilgan. Tergov jarayoni va saqlash sharoitlarining shaffofligini ta`minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o`tkazish bilan bog`liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 2 ming 989 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi o`rnatilgan.

Mahkumlarning murojaatlari, mavjud muammolarini o`rganish va ularni ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan sayyor qabullar o`tkazib kelinmoqda. Barcha jazoni ijro etish koloniyalarida Ombudsmanga, prokurorga, ariza va shikoyatlarga mo`ljallangan alohida qutilar mavjud.

Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilgan keng ko`lamli islohotlar natijasida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jasliq qo`rg`onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan koloniya yopilib, u erda saqlanayotgan 395 nafar mahkum sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq boshqa koloniyalarga o`tkazildi. Yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon so`zlashuvi, yo`qlov va uchrashuvlar olishi soni ikki barobarga ko`paytirildi. Mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi taqdim etildi. Mahhkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug`urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya ta`minotiga ega bo`lishi ta`minlandi.

Muloqot davomida spikerlar axloqan tuzalishning eng samarali usuli – mahkumlarni kasbga o`rgatib, ish bilan ta`minlash ekanligi, shu bois mazkur muassasalarda yangi ish o`rinlari yaratilib, mehnatga layoqatli mahkumlarning 88 foizi uchun mehnat qilishiga munosib sharoitlar yaratilganini qayd etdi. Qonunchilikka ko`ra, mahkumlar haftasiga 40 soat ishga jalb etiladi. 2020yilning 1fevralidan boshlab mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori 679 ming 330 so`m etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, mahkumlarga har bir ishkuni uchun 26 ming 815 so`mdan ish haqi to`lanmoqda. Buning natijasida mehnat qilayotgan mahkumlarning oylik ish haqi o`rtacha 1 milliondan 1,5 million so`mgacha etkazildi. 

Mahkumlarni ozodlikka chiqishga tayyorlash, respublikada amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy voqealardan xabardor qilish maqsadida barcha koloniyalarda fuqarolik jamiyati institutlari bilan o`zaro hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Xususan, barcha jazoni ijro etish koloniyalarida mahkumlarni qamrab oluvchi Yoshlar ittifoqining boshlang`ich tashkilotlari, voyaga etmagan tarbiyalanuvchilarning ota-onalar kengashlari tuzilgan va ular hozirda samarali faoliyat olib bormoqda.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan yo`lga qo`yilgan hamkorlik doirasida "Usta-shogird" maktabida 306 nafar "usta" mahkumga 979 nafar "shogird" mahkum biriktirilib, ularga xalq amaliy san`ati mahsulotlarini tayyorlash bo`yicha hunar o`rgatilmoqda.

Hozirga qadar "Usta-shogird" maktabini tugatgan 272 nafar mahkumga egallagan mutaxassisligi bo`yicha sertifikatlar berilgan.

Tizim muassasalarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Buxoro viloyati, Qashqadaryo viloyati, Navoiy viloyati hamda Namangan viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta`minlash choralari ko`rildi.

Shu bilan birga yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish mahkum va mahkuma yoshlar o`rtasida ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada sog`lomlashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yoshlar markazi tomonidan 2019yilning 1fevralida 350 nafar jazo muddatini o`tayotgan yoshlar uchun Respublikamizdagi JIEMda turli kasb-hunar o`rgatuvchi to`garaklar tashkil etilgan.

Respublikadagi jazoni ijro etish muassasalarida joriy yil davomida 26 turdagi fan, kasb-hunar, sport va chet tillari bo`yicha to`garaklar o`tishni boshlash hamda shu orqali yil davomida 2000 nafarga yaqin jazo muddatini o`tayotgan yoshlarni qamrab olishga erishildi.

Jumladan, 2019 yilning fevral oyidan boshlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 24-sonli voyaga yetmaganlar tarbiya koloniyasida 8 ta yo`nalishda fan va chet tillarini o`rgatish bo`yicha to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yilib, 97 nafar voyaga etmaganlar qamrab olindi.

Shuningdek, ochiq muloqotda 500 nafardan ortiq talaba jazoni ijro etish muassasalarida o`z qilmishiga yarasha qonunda belgilangan jazosini o`tayotganligi aytib o`tildi. Ularni masofadan turib o`qitish bo`yicha Ichki ishlar, Adliya, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamkorligida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Unda Jazoni ijro etishiga qadar talaba bo`lgan shaxslar uchun onlayn tarzda ta`lim olishini davom ettirishi ko`zda tutilmoqda. Mahkumlar zarur adabiyotlar bilan ta`minlanadi. Lekin tahsilni davom ettirgan mahkumlar bitiruv imtihonlarini jazo muddatini o`tab bo`lganidan so`ng ta`lim olgan oliygohiga borib topshirib, diplomini olishi mumkin.

Ochiq muloqot yakunida voyaga etmaganlar tarbiya koloniyasi o`quvchilari haqida videorolik namoyish etildi. Ular tomonidan yasalgan buyumlar ko`rgazmasi o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar