UzAuto Motors mijozlarning talab va istaklarini o`rganib chiqib, kompaniya 2020 yil boshidan mijozlarga qo`shimcha opsiya bilan jihozlangan Spark, Cobalt hamda Lacetti avtomobillarini taklif qildi.
Mavjud qo`shimcha opsiyalar qatoriga avtomobillarni yoritish tizimlari, qo`shimcha audio funksiyalari va jahon standartlariga oid texnik reglamentga javob beradigan qo`shimcha funksiyalar kiritilgan.
Shuni ta`kidlash kerakki, qo`shimcha opsiyalarni o`rnatishda faqat sertifikatlangan zavod sifatidagi ehtiyot qismlar ishlatiladi. Ularning narxi avtomobilning modeli va o`rnatilgan opsiyasiga qarab 50 dan 500 ming so`mgacha tashkil qiladi, bu esa bozor va xususiy avtoservislarnikiga qaraganda ancha past.
Bundan tashqari, opsiyalarni zavodda o`rnatish yanada ishonchli sanaladi, sertifikatga ega bo`lmagan xususiy servis markaziga murojaat qilish mijozni avtomobil uchun zavod kafolatlaridan mahrum qiladi.
Qo`shimcha opsiyali avtomobillarni rasmiy dilerlik do`konlarida xarid qilishingiz mumkin. Shartnoma tuzgan va to`lovni amalga oshirgan xaridorlar qo`shimcha shartnomani imzolagan holda qo`shimcha narxni to`lash orqali qo`shimcha opsiyalarga ega bo`lgan avtomobil sotib olishlari mumkin.
Qo`shimcha imkoniyatlari bo`lgan avtomobilni sotib olish yoki qo`shimcha imkoniyatlari bo`lmagan mashinani boshqarish har bir xaridorning shaxsiy tanlovi, deyiladi kompaniya xabarida.