AsosiyJamiyat

Qo`shni davlatlardan o`qishni ko`chirishda qalbaki hujjat topshirayotganlar aniqlanmoqda

'Qo`shni davlatlardan o`qishni ko`chirishda qalbaki hujjat topshirayotganlar aniqlanmoqda'ning rasmi

Xabaringiz bor, shu oy boshida qo`shni davlatlardagi oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan O`zbekiston Republikasi fuqarolaridan ularning o`qishini ko`chirish bo`yicha arizalar qabul qilinishi e`lon qilingan edi. Mazkur arizalar qabuli 15 martgacha etib belgilangan. 

Ayni paytda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi qo`shni davlatlardagi OTMlardan o`qishini ko`chirish bo`yicha murojaat qilayotgan fuqarolar va ularning ota-onalariga ogohlantirish bilan chiqdi.

Vazirlikning Hududiy ishchi guruhlariga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirilayotganligi aniqlanayotgan ekan.

Vazirlik aytishicha, ariza topshirgan fuqarolarning hujjatlari to`liq tekshiriladi va qalbaki hujjatlar aniqlangan taqdirda talabalikka qabul qilinmaydi hamda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi.

Shu sababli Sizlarga kimlardir qo`shni davlatlardagi OTMlardan birida o`qiganlik to`g`risidagi qalbaki hujjat qilib berishni taklif etayotgan bo`lsa, unda bunday ta`magir va firibgarlarning takliflaridan ehtiyot bo`ling, ertaga boshingizga balo orttirib olmang, deyishmoqchi, deb yozdi Xushnudbek.

O`z-o`zidan Sizda savol tug`ilishi mumkin, shundoq ham qo`shni davlatdan hamma talabalar imtihonsiz o`qishni ko`chira olishsa, unda qalbaki hujjat nimaga kerak?

Bunday qalbaki hujjatlarni asosan 2 ta holatda tayyorlash taklif qilishlari mumkin:

1) umuman hech qaerda o`qimaydigan va o`tgan yillari o`qishdan yiqilganlarni xuddiki Qozog`iston, Qirg`iziston yoki Tojikistonda o`qiyapti, degan mazmunda soxta hujjat tayyorlab berish. Uyoqdagi xususiy OTMlarga ham nima farqi bor, bitta ma`lumotnomani falon pulga qilib berishadi, hech narsa yo`qotmaydi. Shu bahona qarabsizki, yo`q joydan kimlardir bahorga kelib 1-kursdan o`zimizda o`qishni boshlashi mumkin;

2) Haqiqatdan qo`shni davlatda o`qiyotgan talabalar yo`nalishi haqida soxta hujjat tayyorlaydi. Masalan, agrar sohada o`qiyotganlar bir amallab yurisprudensiya yoki tibbiyot yo`nalishida o`qiyotganligi haqida ma`lumotnoma olib, O`zbekistonda shu yo`nalishlarga o`qishini ko`chirib olishga harakat qilishmoqda.  

Yaxshi bilasizlarku, bizda aksariyat talabalarning kelajak uchun o`z oldiga qo`ygan aniq maqsadi va rejasi yo`q. Ularga soha yoki yo`nalish qiziqmas, diplom bo`lsa kifoya. Shu sababli 1 yoki 2-kursdan keyin bir yumalab umuman boshqa sohaga o`tib ketaveradi. "Falon soha zo`r" desa bo`ldi, o`sha yoqqa qarab ketaveradi.

Vazirlik bunday qalbaki hujjatlarga qarshi qanday yo`l bilan kurashayotganligini aniq bilmadimu, lekin albatta bu bo`yicha o`ta qat`iy turish kerak. Chunki Hukumatning ushbu qaroridan ayrimlar rosaaaa «soqqa» qilish ilinjida yugurib yurgani bor gap.

    Boshqa yangiliklar