O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti o`rtasida mazkur oliy o`quv yurtining Toshkentdagi fililini ochish bo`yicha memorandum imzolandi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida Anqara shahrida o`tkazilgan oliy darajadagi O`zbekiston – Turkiya birinchi strategik hamkorlik yig`ilishi natijalari bo`yicha qo`shma bayonot imzolandi.
Ta`kidlash joiz, Turkiya mamlakatimizning etakchi savdo sheriklaridan biri sanaladi. Keyingi yillarda qulay investisiyaviy va ishbilarmonlik muhiti tufayli O`zbekistonda turk biznesi vakillari faoliyati sezilarli darajada kengaydi. Jumladan, 2019 yilda o`zaro savdo aylanmasi hajmi 2 yarim milliard dollardan oshdi.
Tadbir doirasida ikki davlat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bo`yicha ham qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Turkiya Palatalari va birjalari ittifoqi huzuridagi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish to`g`risidagi memorandum imzolandi.
Yurtimizda mazkur oliy o`quv yurti filialini ochish tashabbusi 2019 yil oktyabr oyida Toshkentda bo`lib o`tgan Turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlar kengashi doirasida o`tkazilgan muzokaralarda ilgari surilgan va kelishilgan edi.
Ma`lumot o`rnida qayd etish kerak, poytaxtimizda faoliyat boshlashi ko`zda tutilgan universitet filiali dual ta`lim tizimi asosida biznes va tadbirkorlik yo`nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi.






