O`zbeksiton Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining xabar berishicha:
Bugun respublika hududiga Kaspiy dengizidan Turkmaniston orqali harakatlanayotgan “Janubiy Kaspiy sikloni” kirmoqda, natijada Qoraqalpog`istonda va Xorazm viloyatida yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) kuzatilmoqda. Kun davomida Buxoro, Navoiy viloyatlarida ayrim joylarga yomg`ir yog`adi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxandaryo viloyatlarida yomg`ir kechga borib yog`ishi kutilmoqda. Qolgan joylarda ob-havo quruq va iliq bo`ladi. Harorat 12-17 daraja atrofida bo`lib, shu kun uchun xos bo`lgan o`rtacha ko`p yillik qiymatlardan 4-5 darajaga yuqoridir.
Shanba kuni mamlakatimizning markaziy qismidagina (Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari bo`yicha) yomg`ir yog`adi. O`zbekistonning qolgan hududlarida ob-havo yog`ingarchiliksiz bo`ladi. Harorat kechasi 2-7 daraja iliq bo`ladi, kunduzi 8-13 darajagacha pasayadi va meyorga yaqinlashadi.
Bugun va ertaga respublika bo`yicha shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayadi.
Yakshanba kuni O`zbekiston hududiga Turkmaniston tomondan yana iliq va nam havo oqimi kiradi. Respublikaning katta qismida ob-havo yog`ingarchiliksiz bo`ladi, faqat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida kuchsiz yomg`ir yog`ishi mumkin. Kunduzgi harorat yana ko`tarilib, 12-17 daraja iliqni tashkil qiladi.






