Xalqimizga davlat xizmatlari sohasini yanada rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda xizmat ko`rsatish hajmini oshirish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buning yorqin misoli tariqasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvar kuni qabul qilingan “Davlat xizmatlari ko`rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 5930-sonli Farmonini aytib o`tish joiz.
Farmonga muvofiq, tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yishning avtomatlashtirilgan tizimi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga o`tkazildi.
Shuningdek, Farmonga ko`ra shaharlar va qishloqlarda yuridik shaxs tashkil etmagan holda davlat xizmatlari markazlari filiallari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Filiallarning asosiy vazifalari etib jismoniy va yuridik shaxslarga keng ko`lamli, atab o`tilganda mobil (sayyor) davlat xizmatlari ko`rsatish;
fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini oshirish, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishning dastlabki ko`nikmalari bo`yicha maslahatlar berish;
tegishli hudud aholisini ko`rsatiladigan davlat xizmatlari haqida muntazam xabardor qilib borish vazifalari belgilandi.
2020 yil 1 apreldan Toshkent shahrida faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko`rsatiladigan davlat xizmatlari ro`yxati tasdiqlandi.
Xususan:
O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi o`simliklar va ularning qismlarini olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, trofeylar, tulumlarni olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko`paytirish bo`yicha pitomnikni, shuningdek, zoologik kolleksiyalarni hisobga qo`yish to`g`risidagi guvohnoma;
Tadbirkorlik sub`ektlari yagona davlat reestridan tadbirkorlik sub`ektining o`zi to`g`risida ko`chirma;
Tadbirkorlik sub`ektlari yagona davlat reestridan ko`chirma, maxfiy axborot bundan mustasno;
Tadbirkorlik sub`ektlari yagona davlat reestridan so`ralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi to`g`risida ma`lumotnoma berish;
Tadbirkorlik sub`ektlari yagona davlat reestridan tadbirkorlik sub`ektlari ro`yxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan ma`lumotlar bundan mustasno;
Manzil-ma`lumot axborotlarini taqdim etish;
Soliq to`lovchi jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga qo`yish, STIR berish;
Yakka tartibdagi tadbirkorning ro`yxatdan o`tkazilganlik to`g`risidagi guvohnomasini to`xtatib turish.
Bu kabi harakatlar natijasida va amalga oshirilayotgan islohotlar, tajriba va o`rganilgan amaliyotlar xalqimizga tez va sifatli davlat xizmatlari ko`rsatishda o`z natijasini berishi shubhasiz.
22.02.2020 05:18
Mahallalarda Davlat xizmatlari markazlarining filiallari tashkil etiladi






