AsosiyJamiyat

Aziz Abduhakimov O`zbekistonda «Turizm-365» telekanalini ochishni taklif qildi

'Aziz Abduhakimov O`zbekistonda «Turizm-365» telekanalini ochishni taklif qildi'ning rasmi

Aziz Abduhakimov sayohat madaniyatini bolalikdan shakllantirish zarurligini ta`kidlab, shu yo`nalishda yosh sayyohlarga mo`ljallangan ko`rsatuvlarni tashkil qilish zarurligini aytdi.

O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri o`rinbosari – turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida respublika gidlar guruhi vakillari bilan uchrashdi.

 A. Abduhakimov bugungi kunda turizm sohasi rivojlanishida ekskursiyachi gidlarning o`rni nihoyatda katta ekanligini ta`kidlab, ularning mashaqqatli mehnati va soha rivojiga qo`shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu o`rinda Bosh vazir o`rinbosari qisqa vaqt ichida O`zbekistondagi gidlar sonini oshirish kerakligi haqida so`zladi.

Shu bilan birga sayohat madaniyatini bolalikdan shakllantirish zarurligini ta`kidlab, shu yo`nalishda dastur tuzish va unga ko`ra, yosh sayyohlarga mo`ljallangan ko`rsatuvlarni tashkil qilish, maxsus videokurslarni tavsirga olib tarqatish choralari ko`rilishini aytdi.

“Ehtimol, Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir, zero ichki turizm bugungi kunda talab darajasida o`rganilmagan”, - qo`shimcha qildi bosh vazir o`rinbosari.

Aziz Abduhakimov bugungi kunda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan ekskursiyachi gidlar bilan muloqotga kirishib, operativ ma`lumot almashish imkonini beruvchi yangi loyiha ustidagi ishlar tugagani, bu kelgusida sayyohlik sohasi bilan bog`liq muammolarni o`z vaqtida bartaraf etish imkonini berishini ma`lum qildi:

“Gidlardan iltimosimiz – sayyoh bilan harakatlanayotib qaerdadir kamchilik yo muammo ko`rdingizmi, darhol ushbu platforma orqali bizga matn, foto yoki audio shaklida yo`llang. Sir emaski, hududlarda kafe va restoranlar, sanitariya-gigiena shoxobchalari va infratuzilma bilan bog`liq muammolar talaygina. Bundan tashqari, turistik xizmat ko`rsatuvchilarning muomalasi ko`ngildagidek bo`lmasligi mumkin. Bunday kamchiliklardan tezkor xabardor qilsangiz, biz tegishli davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko`ramiz. Shu tariqa mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etamiz”.

Boshqa yangiliklar