AsosiyJamiyat

Koreyaga jo`natuvchi bandlik agentligi 2385 fuqaroni chuv tushirgani ma`lum bo`ldi

'Koreyaga jo`natuvchi bandlik agentligi 2385 fuqaroni chuv tushirgani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

O`zbekistonda 2385 kishini 24,8 mlrd so`m pulga chuv tushirgan xususiy bandlik agentligi faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda mazkur jinoyat ishi bo`yicha o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi. 

“Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan hozirda jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Surishtiruvlarda quyidagilar aniqlandi.

Ta`kidlanishicha, Qahramon Otaqulov, Odil Kabilov, Xushvaqt Turdiev, Musulmon Aliqulov, Urol Xalmonov, Koreya Respublikasi fuqarosi Kang Namkyu va boshqalar jinoiy til biriktirib, “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJni tashkil etgan. Ular 2019 yilning 4 yanvar kuni Tashqi Mehnat migrasiyasi agentligidan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga ko`maklashish bilan shug`ullanishga lisenziya olgan. 

Shundan so`ng, ular jamiyatga murojaat qilgan fuqarolarni 3 oy ichida Koreya davlatiga ishga yuborishlarini va`da qilib, ular bilan soxta shartnoma tuza boshlagan. Faoliyatlari yuzasidan shubha tug`ilmasliga uchun to`lov kvitansiyalari soxtalashtirilib, 2 385 nafar jabrlanuvchining jami 24,8 mlrd so`m pullari ATB “Turonbank” Chilonzor filialidagi hisob raqamiga o`tkazilgan. Bankdagi barcha mablag`lar naqd pul ko`rinishda qabul qilib olingan va bu pul mablag`lari firibgarlik yo`li bilan shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan. 

Xabarda aytilishicha, jabrlanuvchilarga etkazilgan umumiy zararning 14,213 mlrd so`m qismi undirilgan. Shuningdek, jinoyat ishi qo`zg`atilishidan avval jabrlanuvchilarga qaytarilgan mablag` 2,86 mlrd so`m tashkil etadi.

Ayblanuvchilar tomonidan jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlarni undirish masalasi sud hukmidan so`ng hal etiladi.  

Hozirda ayblanuvchilar Q. Otaqulov, O. Qobilov, X. Turdiev, M. Aliqulov, A.Shamshiddinov, O.Jo`raev va Kang Namkyu qamoqda saqlanmoqda, U.Xalmonovga qidiruv e`lon qilingan.

Boshqa yangiliklar