Ijtimoiy tarmoqlarda “Bir yil ichida sport maktabimizga 15 dan ortiq tekshiruvchi keldi!” sarlavhasi ostida berilgan murojaat yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rasmiy munosabat bildirdi:
“Bugun ish kabinetida o`tirib, mavjud muammolarni o`z vaqtida, joyida hal qilishga, odamlar fikrlarini eshitmay turib, ularning turmush darajasini yaxshilashga erishib bo`lmaydi.
Izchil amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kamchiliklarni nafaqat aniqlash, ayni paytda ularning sabablarini tahlil etish hamda echimini topishni davrning o`zi taqozo qilmoqda.
Shu jihatdan xizmat ko`rsatish idoralari va tarmoq rahbar-xodimlarining o`z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni qay darajada bajarayotgani chuqur o`rganilayotgani ana shu hayotiy haqiqatning samarali ro`yobga chiqarilayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda Buxoro viloyatidagi 30 ta sport maktablarida 1 233 nafar trener tomonidan 40 ming nafarga yaqin sportchi shug`ullantirib kelinmoqda.
Trenerlar tomonidan olib borilayotgan o`quv mashg`ulotlar, maktablarda shug`ullanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda bolalar va o`smirlar sport maktablari, sport maktab-internatlari metodistlari tomonidan belgilangan tartibda nizom talablari asosida o`rganib boriladi.
Demakki, murojaatda aytib o`tilgan o`rganishlar aslida sohani rivojlantirish, sport sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish, sportchilarning sog`ligini doimiy nazorat qilib borish, trenerlarning bilim saviyasi va mahoratini doimiy monitoring qilib borish uchun aniq bir tizimga yo`naltirish maqsadida o`tkaziladi.
Bundan tashqari, murojaat muallifi qayd etganidek, ish jarayonida zarur bo`ladigan hujjatlar faqat ishchi guruh kelgandan keyin “o`lib-tirilib” tayyorlanmasdan, balki doimiy tayyor holatda bo`lishi shart. Muassasa xodimlarining tekshiruvchilarning pora olishi bilan bog`liq masalada shu vaqtga qadar biror bir tashkilotga murojaat qilmagani ajablanarli. Zero, hozirgi demokratik islohotlar jarayonida bunday masalalarda keskin kurash kechayotganligi hech kimga sir emas.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tizim tashkilotlariga gazetalarga obuna bo`lish bo`yicha yuborilgan xatlar tavsiyaviy xarakterga ega hisoblanadi.
Endi majburiy obuna masalasiga kelsak. To`g`ri, bugun texnologiyalar rivojlangan asrda yashayapmiz. “Axborotni internetdan ham olaveraman” deguvchilar ham ko`p. Ammo, gazeta faqat axborot berish bilan shug`ullanmaydi-ku. Ma`naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega maqolalar chop etish ham hozircha matbaa nashrlari zimmasida. Qolaversa, matbuot xolislik bilan, asosli dalillarga suyanib faoliyat yuritishi bilan ham ishonchli vositadir. Aniqrog`i, majburiy obunadan voz kechish “gazeta o`qilmasin” deganini bildirmaydi. Tavsiyaviy xarekterdagi xatlar esa majburiy obuna hisoblanmaydi”, — deyiladi vazirlik Matbuot xizmati xabarida.






