AsosiyJamiyat

Aziz Abduhakimov: “O`zbekistonda gidlar sonini 5000 nafarga etkazishimiz kerak”

'Aziz Abduhakimov: “O`zbekistonda gidlar sonini 5000 nafarga etkazishimiz kerak”'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida respublika gidlar guruhi vakillari bilan uchrashib, ularni 21 fevral – Butunjahon ekskursiyachilar kuni bilan tabrikladi.

Aziz Abduhakimov bugungi kunda turizm sohasi rivojlanishida ekskursiyachi gidlarning o`rni nihoyatda katta ekanligini ta`kidlab, ularning mashaqqatli mehnati va soha rivojiga qo`shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu o`rinda Bosh vazir o`rinbosari qisqa vaqt ichida O`zbekistondagi gidlar sonini oshirish kerakligi haqida so`zladi.

“Oxirgi yillarda yurtboshimiz irodalari bilan yo`lga qo`yilgan ochiqlik siyosati natijasida turizm yo`nalishida o`tkazilgan islohotlar o`zining ijobiy samarasini berdi. Biz endi turizmni yanada yangi pog`onaga ko`tarishimiz lozim, zero turizm eng avvalo mahalliy aholi uchun yangi ish joylari demakdir. Bugunga kelib gidlarning soni 1000dan ortiq bo`lsa, biz qisqa vaqt ichida ularning sonini 5000 nafarga etkazishimiz kerak”, - dedi u.

Shuningdek, Bosh vazir o`rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi muloqot samarali kechishi uchun ekskursiyachi gidlarni o`ylantirayotgan masalalar, o`z echimini kutayotgan muammolarni tingladi.

Jumladan, ko`p yillik tajribaga ega Bella Li Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda ta`lim vazirliklari hamkorligida o`lkashunoslik saboqlarini yo`lga qo`yish, tanlovlar o`tkazish va shu tariqa yosh avlodda Vatanga muhabbat va turizm sohasiga qiziqish, sayohat madaniyatini shakllantirish taklifi bilan chiqdi.

“O`z Vatanini sevmaydigan inson gid bo`la olmaydi”, - dedi u.

Bunga javoban Aziz Abduhakimov darhaqiqat sayohat madaniyatini kishilarga bolalikdan shakllantirish zarurligini ta`kidlab, shu yo`nalishda dastur tuzish va unga ko`ra, yosh sayyohlarga mo`ljallangan ko`rsatuvlarni tashkil qilish, maxsus videokurslarni tavsirga olib tarqatish choralari ko`rilishini aytdi.

“Ehtimol, Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir, zero ichki turizm bugungi kunda talab darajasida o`rganilmagan”, - qo`shimcha qildi Bosh vazir o`rinbosari.

Shu o`rinda Aziz Abduhakimov bugungi kunda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan ekskursiyachi gidlar bilan muloqotga kirishib, operativ ma`lumot almashish imkonini beruvchi yangi loyiha ustidagi ishlar tugagani, bu kelgusida sayyohlik sohasi bilan bog`liq muammolarni o`z vaqtida bartaraf etish imkonini berishini ma`lum qildi:

“Gidlardan iltimosimiz – sayyoh bilan harakatlanayotib qaerdadir kamchilik yo muammo ko`rdingizmi, darhol ushbu platforma orqali bizga matn, foto yoki audio shaklida yo`llang. Sir emaski, hududlarda kafe va restoranlar, sanitariya-gigiena shoxobchalari va infratuzilma bilan bog`liq muammolar talaygina. Bundan tashqari, turistik xizmat ko`rsatuvchilarning muomalasi ko`ngildagidek bo`lmasligi mumkin. Bunday  kamchiliklardan tezkor xabardor qilsangiz, biz tegishli davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko`ramiz. Shu tariqa mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etamiz”.

Gidlar vakillari so`nggi yillarda davlat rahbari hamda hukumat darajasida sohani rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan farmon va qarorlar ularni ilhomlantirayotganini alohida ta`kidlab, kelgusida e`tibor qaratilishi kerak bo`lgan jihatlar bo`yicha takliflarini bildirishdi. Turizm jurnalistikasi yo`nalishini joriy qilish, yurtimiz haqidagi flaerlar va qo`llanmalarining chet tillaridagi tarjimalari  kamligi, har bir turistik ob`ektda siti-baslarni tashkil qilish, vegan menyuni yo`lga qo`yish, sertifikat olish jarayoniga o`zgartirish kiritish  shular jumlasidandir.

Aziz Abduhakimov uchrashuvga yakun yasar ekan, turizm sohasini rivojlantirishda barcha sektorlarni hamkorlikda ishlashga chorladi.

“Davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va oliy o`quv yurtlari birgalikda harakat qilsakkina, faoliyatni rivojlantirishga doir oldimizga qo`yilgan maqsadga erishamiz”, - dedi u.

Ma`lumot uchun: Har yili 21 fevral kuni dunyoning ko`plab shaharlari, ayniqsa, turizm markazi bo`lgan shaharlarda Butunjahon gidlar kuni (International Tourist Guide Day) nishonlanadi. Ushbu bayram Jahon ekskursiyachilar assosiasiyasi federasiyasi - World Federation of Tourist Guide Associations (WFTGA) tomonidan gidlar faoliyatining naqadar ahamiyatli ekanidan keng ommani xabardor qilish maqsadida ta`sis etilgan. WFTGA’ga 1985 yilda Xalqaro ekskursiyachilar konvensiyasida asos solingan, bugunga kelib dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 2 milliondan ziyod kishi uning a`zosi hisoblanadi.

 

    Boshqa yangiliklar