AsosiyJamiyat

Talabalar uchun ta`lim kreditlari 5 dan 10 yilgacha beriladi

'Talabalar uchun ta`lim kreditlari 5 dan 10 yilgacha beriladi'ning rasmi

Banklar tomonidan oliy ta`lim muassasalarining kunduzgi bo`limlariga to`lov-kontrakt asosida qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lgan talabalarning o`qishi uchun ularning o`zlariga, ota-onalari yoki vasiylariga ta`lim kreditlari berilishi mumkin. Bu haqda “Huquqiy Axborot” kanali yozadi.

Ta`lim kreditlari talabalar uchun bakalavriatga o`qishga qabul qilinganda 10 yilgacha va magistraturaga o`qishga qabul qilinganda 5 yilgacha bo`lgan muddatga beriladi.

Banklar tomonidan berilgan ta`lim kreditlari bo`yicha:

👉 chin etimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironligi bo`lganlarga – nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

👉 talabalarning qolgan toifalariga — 2020 yil 1 yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini "Yoshlar — kelajagimiz" jamg`armasi mablag`lari hisobidan kompensasiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalari belgilanadi.

Ta`lim krediti uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

• ariza;

• to`lov-kontrakt shartnomasi (kontrakt);

• kreditni qaytarishning ta`minlanishi to`g`risida hujjat;

• imtiyozli ta`lim kreditlari olish huquqiga ega bo`lgan chin etimlar, "Mehribonlik uylari"da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironligi bo`lganlar, kam ta`minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan ko`rsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur ko`chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

    Boshqa yangiliklar