AsosiyJamiyat

Galileo Galiley o`qigan universitet O`zbekistonda o`z filialini ochadi

'Galileo Galiley o`qigan universitet O`zbekistonda o`z filialini ochadi'ning rasmi

Yaqinda O`zbekistonning Rimdagi elchixonasida mamlakatimiz Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Evropa Ittifoqining “Erasmus+” Milliy dasturlarining Toshkent shahridagi ofisi o`zaro hamkorlikda Italiyaning etakchi akademik markazlaridan biri bo`lgan Piza universiteti bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha muzokaralar o`tkazdi.

Piza universiteti(Università di Pisa, UniPi) Piza shahrida joylashgan italyan davlat tadqiqot o`quv yurti hisoblanadi. Unga 1343 yilda Rim papasi Kliment VI buyrug`i bilan asos solingan. Mazkur ta`lim dargohi dunyodagi eng qadimgi 19-universitet hisoblanadi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Piza universitetida Galileo Galiley o`qigan va faoliyat yuritgan. Uni adabiyot va fizika yo`nalishlarida Nobel mukofoti olgan uch nafar mashhur shaxs(Josu Karduchchi, Enriko Fermi va Karlo Rubbia), Italiyaning ikki nafar prezident(Jovanni Gronki va Karlo Azelo Champi), ikki nafar bosh vazir(Juliano Amato va Enriko Letta), ushbu mamlakatning qator vazirlari va madaniyat namoyandalari bitirib chiqqan.

Elchi Otabek Akbarov Piza universitetida rektor Paolo Mankarella, prorektorlar Franchesko Marchelloni va Marko Abate, shuningdek, geologiya, energetika, muhandislik, elektr va robototexnika, shuningdek, xalqaro hamkorlik bo`yicha departament vakillari bilan uchrashdi.

Italyan tomoni O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar, bu borada ilm-fan, ta`lim, raqamli iqtisodiyotga ustuvorlik berilayotgani, qator xorij ta`lim muassasalari bilan, jumladan, O`zbekistonda ularning filiallari va qo`shma fakultetlarini ochish yo`li bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish bo`yicha ma`lumotlarni katta qiziqish bilan tingladi.

Piza universiteti rahbariyati Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti faoliyati hamda uning qoshida “Yuventus” fubol klubi akademiyasini ochish, qolaversa, “Erasmus+” dasturi doirasida Italiyaning qator OTMlari bilan sheriklik bilan bog`liq ijobiy tajribaga alohida e`tibor qaratdi.

Binobarin, Piza universiteti rektori professor Paolo Mankarella O`zbekiston bilan hamkorlikda ta`lim va tadqiqotlar  yo`nalishida uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yishga tayyor ekanligini bildirdi. Uning so`zlariga ko`ra, bu yo`lda tegishli hukumat va ishbilarmonlik doiralarini jalb etgan holda har ikki davlat talabalari uchun xalqaro akademik imkoniyatlarni kengaytirish hamda ularning professional jihatdan rivojlantirish bo`yicha institusional asoslarni yaratish zarur.

Shu munosabat bilan rektor Toshkent shahrida Piza universiteti filialini ta`sis etish imkoniyatlarini e`tirof etdi. Bu ikki davlat o`rtasidagi o`quv va ilm-fan aloqalarini faollashtirish uchun ajoyib platforma yaratgan bo`lur edi. Uning fikricha, bu universitetning Italiyadan tashqaridagi birinchi filialiga aylanadi hamda mazkur model boshqa davlatlarda ham qo`llaniladigan modelga aylanishi mumkin.

Boshqa yangiliklar