Internet tarmog`ida Sergeli tumani Qo`yliq-7 massivida yashovchi 10 yoshli qiz uydan chiqib ketib, qaytib kelmagani haqida xabar tarqaldi. Ushbu post yuzasidan Toshkent shahar IIBB izoh berdi.
"Mazkur xabar hozirda aktual emasligini ma`lum qilamiz. 10 yoshli M.M. 22-fevral kuni kech soat 17.00 da uyidan chiqib, qaytib kelmaganligi haqida uning otasi – 35 yoshli Mirzag`ani Yu. xabar bergan edi. Otasining aytishicha, ular qizini koyiganlari sababli, M.M. xafa bo`lib, uyidan yugurib chiqib ketgan. Qizning ota-onasi mustaqil qidiruvlaridan so`ng shu kuni soat 18.27 da 102 ga qo`ng`iroq qilishgan.
O`smir qizning qidiruvida Sergeli tumani IIO FMB 6-son ichki ishlar bo`limining barcha kuchlari ishga solindi. Soat 20.00 da “Shukrona” mahallasi katta profilaktika inspektori mayor Baxtiyor Eshmirzaev va profilaktika inspektori katta leytenant Xayrulla G`aniev qizning ota-onasi tomonidan taqdim etilgan surat yordamida uni o`sha mahallaning o`zida topdilar", deyiladi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabarida.






