Bugun parlament quyi palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig`ilishida “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.
Loyiha bilan to`y, oilaviy tantana va marosimlar o`tkazish tartibini buzish, jumladan, parlament palatalarining qo`shma qaror bilan tasdiqlangan To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risidagi nizomda qayd etilgan umumiy tartiblarga rioya qilmaslik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanishi ko`zda tutilmoqda.
Mazkur nizomning 19-bandiga muvofiq ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan birgalikda to`y va marosimlarni ixcham, kamxarj o`tkazishga undashi, bunday tadbirlar shuhratparastlik va dabdaba bilan o`tkazilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek, tadbirlar davomida jamoat tartibini ta`minlashi belgilangan.
Shu sababli Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilishi taklif etilayotgan huquqbuzarlikni aniqlash, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzish hamda o`rnatilgan tartibda ma`muriy sudga yuborish masalasini ichki ishlar organlariga yuklash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasiga ko`ra Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks yangi modda bilan to`ldirilishi nazarda tutilmoqda. Unda to`y, oilaviy tantana, ma`raka va marosimlar o`tkazish tartibi buzilishi bilan bog`liq masalalar aks etgan. Xususan, qoidalar tadbirlarni o`tkazuvchi shaxs tomonidan buzilishi bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi nazarda tutilgan.
Belgilangan tartib to`yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan buzilsa, bazaviy hisoblash miqdorining o`ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi belgilanishi mumkin. Bunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi ham ko`zda tutilgan.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a`zolari qonun loyihasi muhokamasi paytida aynan shu masala bo`yicha qat`iy fikr-mulohazalarini bildirdi.
Deputatlarning fikricha, to`yxonalarda isrofgarchilik va soxta obro` orttirishga yo`l ochib berayotgan mas`uliyatsiz tadbirkorlarga jarima miqdorini oshirish kerak.
Xalq demokratik partiyasi dabdabali to`ylarga sarflanayotgan (albatta, qarzga olinmagan) sarmoya yosh oilaning ijtimoiy barqarorligi, hayotga moslashuvchanligi, zamonaviy bilim va ko`nikmalarni egallashi yo`lida sarflanishi har tomonlama maqsadga muvofiq. Dabdababozlik va isrofgarchilikdan hech qanday samara yo`qligi va ayni paytda moddiy resurslarni oila kelajagi uchun oqilona sarflashning ahamiyati haqida tushuntirish tadbirlarini kuchaytirishga ehtiyoj katta. Lekin bu jarayonda eskicha va zerikarli usullardan, odamlarga minbarda turib aql o`rgatishlardan tiyilish zarur.






