Markaziy bankning "O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so`mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida" qarori davlat ro`yxatidan o`tkazilgan.
Mazkur Nizomga ko`ra, Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik, 1, 5, 10, 25 so`mlik qiymatidagi tangalar, shuningdek 1, 3, 5, 10, 25 so`mlik eski namunadagi banknotlar (qog`oz pullar) 2020 yil 1 martdan boshlab qonuniy to`lov vositasi sifatida o`z kuchini yo`qotadi.
Ushbu tanga va banknotlar hech qanday monelik, cheklovlarsiz, to`lov yoki vositachilik haqi undirilmagan holda:
- 2020 yil 1 martga qadar Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari tomonidan;
- 2020 yil 1 martdan 2021 yil 1 yanvarga qadar esa faqat Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.
Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tanga va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021 yil 1 yanvargacha etib belgilandi.
Bunda hisob-kitoblar mijozlar va aholining talabiga asosan:
- bank plastik kartasi hisobvaraqlariga kirim qilinish orqali (to`liq qiymatda);
- muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berish orqali;
- mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilish orqali;
- kommunal va boshqa bir martalik to`lovlar uchun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.