Yangi koronavirus belgilariga respirator alomatlar: isitma, yo`tal, nafas qisishi, qiynalib nafas olish kiradi. Virus asoratlari ta`siri pnevmoniya va buyrak etishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Hozirgi kunga kelib bu kasallik 3000 ga yaqin insonni hayotdan olib ketdi. Xitoyning Uxan shahri tarqalish manbai hisoblanadigan “koronavirus” o`z ko`lamini kengaytirib, Italiya, Janubiy Koreya va Eron davlatlarini ham o`chog`iga aylantirdi.
Kuni-kecha esa, qo`shni Afg`onistonning Hirot shahrida ham mazkur virusning tarqalishi ko`pchilikni sarosimaga solib qo`ydi.
Afg`oniston Islom Respublikasida yurtimizga Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali kirib kelinadi. Shu erda o`rinli savol mazkur bojxona postda tekshiruv jarayonlari qanday?
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o`tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasiga kirishda shaxslar, yo`lovchilar va ularning qo`l yuklari hamda bagaji nazorat tartib-taomillaridan quyidagi tartibda o`tkaziladi:
1) chegara nazorati bo`linmalari tomonidan Davlat chegarasini kesib o`tish huquqini beruvchi hujjatlar mavjudligi tekshiriladi;
2) sanitariya-karantin bo`linmasi tomonidan nazoratdan o`tkaziladi;
3) Davlat chegarasi orqali piyoda o`tadigan shaxslar qo`l yuki bilan birga nazorat tartib-taomillaridan o`tish uchun zalga yo`naltiriladi;
4) bojxona nazoratidan o`tkazish jarayonida bojxona organlari fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining quyidagi vazifalarini ham amalga oshiradi:
fitosanitariya va veterinariya nazorati predmetlari mavjudligi to`g`risida so`rash;
fitosanitariya va veterinariya nazorati talab qilinadigan tovarlarni olib kirish uchun ruxsat etuvchi hujjatlar mavjudligini so`rash;
qo`l yuki va bagajni nazorat qilish jarayonida fitosanitariya va veterinariya nazorati ob`ektlari mavjudligini nazorat texnik vositalari yordamida ko`zdan kechirish.
Mazkur qaror talablari va “koronavirus”ning kirib kelishini oldini olish maqsadida, Afg`oniston Islom Respublikasidan kelayotgan har bir fuqarolar maxsus dezinfeksiyalangan gilamlar orqali kiritilib, sanitariya-epidimologiya osoyishtalik markazi xodimlarining nazoratidan o`tkazilmoqda. Avtotransport vositalari esa maxsus dezinfeksiyalangan suvlarga tushirilib, yurtimizga kiritilmoqda. Bundan tashqari, Afg`oniston Islom Respublikasidan kelayotgan barcha fuqarolardan tibbiyot niqoblarida bo`lishlari talab qilinmoqda.
Ushbu bojxona postida xizmat olib borayotgan barcha xizmatlar xodimlari tibbiyot niqoblari va tibbiy qo`lqoplar bilan faoliyat ko`rsatmoqdalar.
Bir so`z bilan aytganda, Davlatimiz tomonidan “koronavirus”ni yurtimizga kirib kelishini oldi olish uchun zaruriy choralar ko`rilmoqda.






