AsosiySiyosat

Yangi rahbar tayinlangan Moliya vazirligiga qator funksiyalar yuklatildi

'Yangi rahbar tayinlangan Moliya vazirligiga qator funksiyalar yuklatildi'ning rasmi

“Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o`tish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug`urta tashkilotlari va yirik soliq to`lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar:

* 2021 yil 1 yanvardan boshlab, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va 2021 yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi (qonun hujjatlarida MHXSga o`tishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno);

* 2021 yil yakuniga qadar "MHXS bo`yicha moliyaviy hisobot" fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to`g`risidagi hujjatga yoki xalqaro buxgalter sertifikatiga ega kamida 3 ta mutaxassis miqdorida MHXSni sifatli qo`llash uchun etarli bo`lgan buxgalteriya xizmati xodimlari faoliyatini ta`minlaydi.

Qarorga ko`ra, moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXSga muvofiq tayyorlaydigan tadbirkorlar buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo`yicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etiladi.

Moliya vazirligi MHXSni joriy etish bo`yicha vakolatli organ etib belgilandi va unga qator funksiyalar yuklatildi.

2021 yildan boshlab, MHXS va auditning xalqaro standartlari bo`yicha o`qitish faqat buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning akkreditasiyasidan o`tgan o`quv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo`lgan talabgorlar OTMlar magistraturasining "Buxgalteriya hisobi" va "Audit" mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan to`lov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega bo`ldi.

Xalqaro buxgalter sertifikati - "Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)", "Sertifikatlangan diplomli buxgalter (CPA)", "Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (CPA)" va "Xalqaro moliyaviy hisobot bo`yicha diplom (DipIFR)" sertifikatlaridan biri.

    Boshqa yangiliklar