1

Farg`onada IIB xodimlari olib ketgan fuqaro bedarak yo`qoldi. Uni qidirib kelgan advokatni "obchiqib tashlash" buyurildi

Jamiyat 26.02.2020, 11:35
Farg`onada IIB xodimlari olib ketgan fuqaro bedarak yo`qoldi. Uni qidirib kelgan advokatni "obchiqib tashlash" buyurildi

Farg`ona shahri IIO FMB 4-sonli bo`lim boshlig`i advokatga ushbu bo`limda noma`lum sabablarga ko`ra saqlanayotgan himoyasi ostidagi shaxs bilan ko`rishishi uchun ruxsat bermasdan, chiqib ketishini talab qildi. Bu haqda xabar.uz yozmoqda.

Andijon shahridagi «A.S.Huquq» advokatlik hay`ati advokati Dilmurodjon Madrahimovning aytishicha, kecha, 24 fevral kuni kech soat 17:00 lar atrofida huzuriga fuqaro kelib, otasi Farg`ona viloyati ichki ishlar xodimlari tomonidan bir kun oldin, 23 fevralda olib ketilgani va shundan beri daragi yo`qligidan xavotir bildirib, uning huquq-manfaatlarini himoya qilishini so`raydi.

Shundan so`ng advokat fuqaro bilan tegishli shartnoma imzolab, zudlik bilan Farg`ona viloyatiga yo`l oladi va himoyasi ostidagi shaxsning Farg`ona shahar IIOFMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) 4-sonli bo`limida saqlanayotganini aniqlaydi. Soat 19:00 lar atrofida esa mazkur bo`lim boshlig`i (o`zini Yo`lchiev Ahad deb tanishtirgan) bilan uchrashib, tartib-tamoyilga ko`ra, unga o`zining advokatlik guvohnomasi va orderini taqdim etgan holda o`z himoyasidagi shaxs bilan uchrashib, suhbatlashish uchun ruxsat so`raydi.

Ammo unga rad javobi beriladi. O`z himoyasi ostidagi shaxsning g`ayriqonuniy tarzda, g`ayriinsoniy sharoitda saqlab turilganini ko`rgan advokat bu odam nimada ayblanayotgani yoki nimada gumonlanayotganini so`raydi («Navbatchilik qismi derazasi ortida ko`rinib turibdi, kichkina bir kursi sig`adigan katak ekan, panjara, shuning ichida o`tiribdi», deya ta`riflaydi advokat o`z himoyasidagi shaxs saqlanayotgan sharoitni tariflab).

Boshliq esa fuqaroning ushlab turilishi asoslari bilan tanishtirishga majbur emasligini aytadi. Advokat endi o`z himoyasi ostidagi shaxs bilan mone`liksiz, xoli uchrashishi o`zining qonuniy huquqi ekanini eslatib, uchrashmasdan ketmasligini bildiradi. Ammo boshliq bu talabni qanoatlantirish o`rniga o`z xodimlariga advokatni tashqariga chiqarib tashlashni buyuradi.

Shundan keyin advokat holat yuzasidan arz qilish uchun Farg`ona shahar prokurori qabuliga borganida (taxminan soat 20:00 atrofida), uning oldiga prokuror yordamchisi tushib keladi va (prokuror) hozir qabul qila olmasligini aytib, arizasini yozma tarzda qoldirishini so`raydi. Shunda advokat bir fuqaro noma`lum sabablarga ko`ra Farg`ona shahar IIOFMB 4-sonli bo`limida noqonuniy tarzda va yomon sharoitda saqlanayotganligi holati va mazkur bo`limi boshlig`i o`zining qonuniy huquqlariga qarshilik ko`rsatayotgani yuzasidan ariza yozib beradi. Ayni paytda, mazkur holatni hozirning o`zida birga borib ko`rishlarini iltimos qiladi. Ammo Respublika prokuraturasidan mehmon borligi sababli band ekanliklarini ro`kach qilgan prokuror yordamchisi masala ertasi kuni o`rganilishini tushuntiradi. Shunday bo`lsa-da, advokat bu erda yana bir fursat qolib, biron natija chiqib qolishini kuta boshlaydi. Ammo ikki soatcha kutganida ham hech qanday harakat bo`lmagach, hafsalasi pir bo`lib, 1007 raqami orqali Farg`ona viloyat prokuraturasiga hamda Bosh prokuraturaga qo`ng`iroq qilib, holat yuzasidan og`zaki murojaat qoldirgancha Andijonga qaytishga majbur bo`ladi.

Bugun ertalab O`zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining Andijon hududiy boshqarmasiga bildirgi yozib, professional faoliyatiga qarshilik qilgani uchun Farg`ona shahar IIOFMB 4-sonli bo`limi mas`ul mansabdor shaxslariga nisbatan qonuniy chora ko`rilishida amaliy yordam so`raydi. «Himoyam ostidagi shaxs bilan haligacha ko`risha olganim, gaplasha olganim yo`q, hozir nima bo`layotganidan ham bexabarmiz», deydi advokat (Maqola e`lon qilinishi arafasida so`raganimizda ham vaziyat o`zgarmagani ma`lum bo`ldi).

O`zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining Andijon hududiy boshqarmasi maslahatchisi Zafar Valievning aytishicha, mazkur holat rostdan ham IIB mas`ullari tomonidan qonun me`yorlari buzilishi sanaladi. Shu bois bildirgi yuzasidan Palata markaziy apparatiga murojaat qilingan va bu borada tegishli choralar ko`rilishiga umid qilinmoqda. Zero, shunga o`xshash holat bundan ikki yil avval Andijonda ham aynan ichki ishlar bo`limi boshlig`i tomonidan sodir etilgan bo`lib, Advokatlar Palatasi raisining shaxsan o`zi masalani nazoratiga olgan va advokat sha`ni, obro`-e`tiboriga daxl qiluvchi, uning kasbiy xizmat vazifasini bajarishiga to`sqinlik qiluvchi harakatlari bilan qo`pol qonunbuzilishiga qo`l qo`ygan ichki ishlar xodimlariga nisbatan tegishli jiddiy choralar ko`rilgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1