O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni ogohlantirdi.
So`nggi paytlarda fuqarolarimiz tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ`ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda o`tib ketish orqali “O`zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo`limidan bildirishnoma” sarlavhasi ostida sizib chiquvchi oynada foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli go`yoki IIV tomonidan u 200 000 so`m (ayrim hollarda 300 000 so`m) miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shuningdek, “Webmoney” elektron to`lov tizimi orqali davlat hisobiga to`lovni amalga oshirilishi lozimligi, aks holda qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida hodisa bayoni hamda foydalanuvchiga jarimani to`lashi talabi bilan SMS xabar yuborilishi haqida ma`lumot paydo bo`lmoqda. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet veb brauzeri blokirovka holatiga tushib qolmoqda.

Ta`kidlab o`tilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz:
– O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida “Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo`limi” nomi bilan faoliyat yurituvchi bo`lim yoki bo`linma mavjud emas;
– “Webmoney” to`lov tizimida O`zbekiston Respublikasi IIV tarkibiy va hududiy tuzilmalari elektron hamyonlariga ega emas.
Shunga muvofiq, fuqarolarimizni internet tarmog`idan foydalanayotganda bu kabi salbiy holatlarga duch kelmasligi uchun firibgarlarning aldoviga ishonib qolmaslikka chaqiramiz.
Bugungi kunda yuqorida ta`kidlab o`tilgan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligini ma`lum qilamiz.






