AsosiyJamiyat

Tegishli xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ayrim magistratura mutaxassisliklariga imtihonsiz kiradi

'Tegishli xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ayrim magistratura mutaxassisliklariga imtihonsiz kiradi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevralda “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o`tish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4611-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Farg`ona politexnika institutlarida tajriba-sinov tariqasida “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo`yicha pedagog xodimlarini akkreditasiyadan o`tgan o`quv markazlarida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo`yicha tezlashtirilgan tarzda o`qitish jadvali tasdiqlanadi.

2020 yil 1 avgustga qadar bakalavriat ta`limi yo`nalishlari va magistratura mutaxassisligidagi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo`yicha MHXSni chuqur o`rganishni nazarda tutuvchi yangilangan o`quv dasturlari tasdiqlanib, ta`lim jarayoniga joriy etiladi.

2021 yil 1 yanvarga qadar “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo`yicha pedagog kadrlar akkreditasiyadan o`tgan o`quv markazlarida MHXS bo`yicha o`qitiladi, shuningdek, OTMlarning buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida akkreditasiyadan o`tgan o`quv markazlarida tahsil olgan pedagog kadrlari to`g`risidagi ma`lumotlar bazasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi va doimiy ravishda yangilab boriladi.

2021/2022 o`quv yilidan boshlab tajriba-sinov oliy ta`lim muassasalarida buxgalteriya hisobi va audit bo`yicha fanlar faqat xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo`yicha moliyaviy hisobot” yoki “AXS bo`yicha audit” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to`g`risida hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo`lgan o`qituvchilar tomonidan o`qitiladi.

Xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo`lgan talabgorlar oliy ta`lim muassasalari magistraturasining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan to`lov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar