Prezidentimizning 2019 yil 26 noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan ta`minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O`zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida“gi farmoniga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayta tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24 fevraldagi tegishli qarori bilan Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (Suvinspeksiya) to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan Suvinspeksiya va uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy inspeksiyalarining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligi, shuningdek, Suvinspeksiya va hududiy inspeksiyalar rahbarlarining funksional vazifalari belgilandi.
Nizomga muvofiq Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi ichimlik suvi ta`minoti va suv chiqarish xizmatlarini ko`rsatish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish bo`yicha vakolatli organ hisoblanadi.
Xususan, Suvinspeksiya ichimlik suvini etkazib berish va realizasiya qilish, ichimlik suvidan foydalanish, kanalizasiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko`rsatish sohasini texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablariga hamda ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimiga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya qilinishi, inshootlarda ichimlik suvining texnologik hisobi yuritilishi ta`minlanganligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya korxonalari, shuningdek, iste`molchilar tomonidan suv ta`minoti va kanalizasiya sohasida xizmat ko`rsatish qoidalariga amal qiladi. Inshootlarda ichimlik suvining texnologik hisobi yuritilishi ta`minlangani va hisoblash uskunalari ishlashi, ichimlik suvini yo`qotishning belgilangan me`yorlariga rioya etilishi ustidan ta`sirchan nazoratni amalga oshiradi. Suv ta`minoti va kanalizasiya tizimi ob`ektlari texnologik auditdan o`tkazilishi, ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimi ob`ektlari samaradorligini oshirish bo`yicha texnik jarayon va energiyani tejash tadbirlari bajarilishi ustidan nazoratni ta`minlaydi.
Shu bilan birga, Suvinspeksiya ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya sohasida huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo`yicha davlat boshqaruvi organlari, xo`jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarga ko`rib chiqilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalar kiritish imkoniga ega bo`ldi. Unda aniqlangan salbiy holat va qoidabuzarliklar bo`yicha huquqbuzarlarga belgilangan tartibda ma`muriy jarimalar qo`llash huquqi ham berilgan.
Suvinspeksiyaning o`z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, xo`jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.






