29 mart kuni bo`lib o`tadigan Prezident sayloviga yurtimizda qizg`in tayyorgarlik ketmoqda. Shu munosabat bilan Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy Universitetida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan talaba yoshlarning siyosiy huquqiy ongini yanada shakllantirishga qaratilgan tadbir o`tkazildi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy Universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda parlament deputatlari, O`zMU professor-o`qituvchilari, talabalari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
- Prezident saylovi mamlakatimizda demokratik davlatchalikni mustahkamlashning navbatdagi bosqichi bo`lishini barcha ziyolilarimiz, fuqarolarimiz juda teran anglab etganlar – dedi tadbirni kirish so`z bilan ochar ekan, universitetning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha prorektori Botir Zokirov. - Bu saylov jonajon Vatanimizning yangi tarixida g`oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi.
Ushbu mavzular yuzasidan so`zga chiqishgan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari Qodirjon Jo`raev, Nodirjon Muxtorovlar, Oliy va O`rta maxsus ta`lim vazirligi Ma`naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi rahbari Muzaffar Komilov, Toshkent Davlat yuridik Universiteti prorektori Botu Alimov va boshqalar saylov qonunchiligi va amaliyoti, bu siyosiy kompaniya davrida professor-o`qituvchilar hamda talabalarning ishtiroki muhim o`rin tutishi, saylov kuniga qadar hududda amalga oshirilishi zarur bo`lgan vazifalar haqida atroflicha so`z yuritdilar.
Tadbir ishtirokchilari mazkur saylov yuzasidan o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
- Yurtimizdagi barcha yoshlar qatori men ham o`z kelajagimni o`zim belgilayman. Saylovda birinchi marta qatnashayotgan fuqaro sifatida shuni ayta olamanki, bu siyosiy jarayon ertangi kunimiz O`zbekiston kelajagi uchun qo`yilayotgan yana bar yangi qadam. Shularni hisobga olib aytamanki, saylov mening – tayanchim!
Nilufar MURODOVA, O`zMU talabasi
- To`g`risini aytsam, ayni paytda yuragimda ham hayajon, ham juda katta mas`uliyat bor. Hayajon sababi saylovda birinchi marta qatnashayotganim bo`lsa, mas`uliyat barcha saylovchilar qatori men ham o`z huquqimdan foydalangan holda saylovning teng huquqli a`zosidirman.
Umida MURODOVA, O`zMU talabasi
- Mana tarixiy kunga ham sanoqli kunlar qoldi. Ushbu kunda mening ham ovozim ahamiyatga egaligi ko`nglimda faxr uyg`otmoqda. Men mazkur tadbirda o`zim uchun qiziq bo`lgan barcha savollarga javob oldim.
Marhabo MAHKAMOVA, O`zMU talabasi





