Sog`liqni saqlash vazirligida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi bo`yicha epidemik vaziyat va kasallik tarqalishining oldini olish chora-tadbirlariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda vazirlikning markaziy apparati mas`ullari, respublika davolash muassasalari rahbarlari, oliy tibbiy ta`lim o`quv yurtlari rektorlari va vazirlikning xududlardagi quyi tizim mutaxassislari bilan birga Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakillari ham ishtirok etishdi.
So`nggi ma`lumotlarga qaraganda, jahonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 82 ming nafardan oshdi, shundan 2 800 dan ortiq o`lim holati ro`yxatga olindi. Hozirgacha Xitoydan tashqari ushbu infeksiya 37 ta davlatda aniqlandi. Dunyoda epidemik vaziyat kun sayin o`zgarib, kasallik shiddat bilan boshqa davlatlarga ham tez tarqalmoqda.
Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov rahbarligida o`tkazilgan mazkur video selektorda dunyodagi ana shunday murakkab epidemik vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan chora tadbirlar, jumladan, Prezidentimizning shu yil 29 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to`g`risida”gi Farmoyishida ko`zda tutilgan vazifalar tahlil qilindi. Koronavirus infeksiyasini oldini olish bo`yicha profilaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari bo`yicha mavjud masala va amalga oshirilishi dolzarb bo`lgan vazifalar muhokama qilindi.
Ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID19 infeksiyasini kirib kelishini oldini olish maqsadida, davlat chegaralarida 53 ta sanitariya-karantin punktlari (SKP) xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko`rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu SKPlarida boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas`ullari belgilangan standartlar bo`yicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash bo`yicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zahirasi yaratilmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko`rsatuvchi shtab tashkil qilindi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o`rnatildi.
Ma`lumotlarga qaraganda, shu yilning 15 yanvaridan - 26 fevraligacha bo`lgan muddatda Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan 5 022 nafar fuqaro ro`yxatga olingan bo`lib, ularning 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri yakunlangan. Hozirgacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etilmagan.
Ammo bundan xotirjam bo`lishga asos yuq, deyildi selektorda. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo`llarda tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko`rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo`lga qo`yish va ularga davlat tomonidan qo`yilayotgan talab, tavsiyalarni o`z vaqtida etkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yanada yaxshilash yuzasidan mas`ullarga aniq topshiriq va ko`rsatmalar berildi.
Ayniqsa, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to`liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O`RI va o`tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo`yicha vazifalar yana bir bor qat`iy ko`rsatib o`tildi. Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati ko`tarilgan bemorlar aniqlanganda, ularni barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan o`tkazishga, shuningdek, kasallikning tarqalishini oldini olish va izolyasiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori bo`lgan bemorlarni uyida tibbiy yordam ko`rsatilishiga alohida e`tibor qaratilishi ta`kidlab o`tildi.