So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida Toshkent shahridagi «Imom Termiziy» masjidi imom-xatibi Ichoqjon domla Begmatov bilan bog`liq turli gap-so`zlar tarqaldi.
Internet foydalanuvchilari tomonidan imom-domlaning aytgan gaplarini turlicha talqin qilish holatlari ham kuzatildi. Din ishlari bo`yicha qo`mita matbuot xizmatiushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida quyidagi ikki jihatga internet foydalanuvchilarining e`tiborini qaratdi:
Birinchidan, bugungi kunda masjidlarda ibodat masalasida turli tushunmovchilik keltirib chiqarayotganlar uchramoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali odamlarni mazhabsizlikka chaqirayotganlar ham kuzatilmoqda.
Aslida, Ishoqjon domla, ahli ilmlar va yurtimizdagi boshqa imom-xatiblar diyorimizda azaldan meros bo`lib kelayotgan, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bir nechta sunnatlarning yo`q bo`lib ketishiga qarshi kurashmoqdalar. Namozdan keyingi zikr va duolar, Qur`oni karim tilovatini eshitish, namozxonlar oldini kesib o`tmaslik va hokazolar shular jumlasidandir. Afsuski, bugun ushbularni bajarish o`rniga eshikka qarab oshiqayotganlar ham yo`q emas.
Imom-domlaning maqsadi ham – bir masjidda, bir safda turib namoz o`qiyotganlar orqasida tafriqa kelib chiqmasligini oldini olish bo`lib, jamoatni bizning diyorimizda mavjud bo`lgan ananaviy hanafiy mazhabiga ergashishga chaqirmoqda va aholini birlikka chorlamoqda, bu tahsinga loyiq.
Ikkinchidan, imom-domlaning go`yoki masjidlarda o`rnatilgan kuzatuv kameralari namozxonlarni nazorat qilib turgani haqidagi gaplari esa mutlaqo asossiz hisoblanadi.
Ma`lumki, butun dunyo miqyosida kuzatuv kameralari odamlar va muayyan ob`ektlarning xavsizligini ta`minlash maqsadida o`rnatiladi. Misol uchun, Makka va Madina shaharlaridagi “Masjidul haram” va “Masjidun Nabaviy”da ham kuzatuv kameralari ziyoratchilar va muqaddas joylarning xavsizligini ta`minlash maqsadida 24 soat davomida ishlab turadi.
Shunday ekan, yurtimiz masjidlaridagi kuzatuv kameralari ham, aynan, namozxonlar va masjidlar xavfsizligini ta`minlash uchun o`rnatilgan. Buni boshqacha talqin qilish – noto`g`ri tushunishdan boshqa narsa emas.
Shunday ekan, fuqarolarimizdan mazkur holatni to`g`ri tushunishlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi har xil asossiz va bo`hton gap-so`zlarga e`tibor qaratmasliklarini so`rab qolamiz.






