AsosiyJamiyat

Variativ o`quv rejalar doirasida majburiy fanlar soni 9 taga oshirildi

'Variativ o`quv rejalar doirasida majburiy fanlar soni 9 taga oshirildi'ning rasmi

Umumiy o`rta ta`lim maktablarida variativ o`quv rejalarini tajriba-sinovdan o`tkazish doirasida o`qitiladigan majburiy fanlar soni 8 tadan 9 taga oshirildi.

Joriy yilning 20 fevral kuni Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov “Xalq ta`limi vazirining 2019 yil 28 dekabrdagi 405-buyrug`i bilan tasdiqlangan umumiy o`rta ta`lim maktablarida variativ o`quv rejalarini tajriba-sinovdan o`tkazish bo`yicha tavsiyaga o`zgartirishlar kiritishlar to`g`risida”gi buyrug`ini imzoladi.

Eslatib o`tamiz, 2019-2020 o`quv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o`qitila boshlandi. Tajriba sinov 2019-2020 o`quv yili yakuniga qadar o`tkaziladi.

Variativ o`quv rejalarini joriy qilishdan maqsad o`quvchilarning o`zi qiziqqan fanlarni chuqur o`rganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy o`quv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik ko`rishini ta`minlash va yuqori sinflarda o`quv jarayonini kasblarga yo`naltirilgan holda tashkil etishdan iborat.

Variativ o`quv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy bo`lib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali o`qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

Hujjatga ko`ra, variativ o`quv rejalar doirasida majburiy fanlar qatoriga chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik fani kiritilmoqda.

Avval ona tili va adabiyoti, o`zbek tili/rus tili, chet tili, tarix, matematika, informatika, ma`naviyat asoslari (tarbiya), jismoniy tarbiya fanlari majburiy fanlar qatorida o`qitilar edi.

Yana bir majburiy fanning joriy etilishi natijasida tanlov fanlariga ajratilgan soatlarga o`zgartirishlar kiritildi.

Endilikda majburiy fanlarga ajratilgan soatlarning miqdori tayanch o`quv rejada belgilangan miqdordan — 10-sinfda jami 20,5 soatdan, 11-sinfda 21 soatdan — kam bo`lmasligi lozim (avval 10-sinfda jami 19 soatdan, 11-sinfda 19,5 soatdan).

Tanlov sinfida tanlov fanlari uchun haftada 10-sinfda jami 9,5 soat (avval 11 soat), 11-sinfda 10 soat ajratiladi.

Tanlov sinfida tanlov fanlari uchun ajratilgan soatlarni yo`nalishlar bo`yicha tegishli fanlar uchun quyidagicha taqsimlash tavsiya etiladi:

Xorijiy til va filologiya yo`nalishida: 10-sinfda “Chet tili” fani 4,5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 5 soat, 11-sinfda “Chet tili” fani 4 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat o`qitilishi mumkin;

Moliya – iqtisod yo`nalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 5 soat, “Chet tili” fani 4,5 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 5 soat, “Chet tili” fani 5 soat o`qitilishi mumkin;

Texnologiya yo`nalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 3,5 soat, “Fizika” fani 6 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 4 soat, “Fizika” fani 6 soat o`qitilishi mumkin;

Tabiiy fanlar yo`nalishida: 10-sinfda “Biologiya” fani 4,5 soat, “Kimyo” fani 5 soat, 11-sinfda “Biologiya” fani 5 soat, “Kimyo” fani 5 soat o`qitilishi mumkin;

Gumanitar yo`nalishida: 10-sinfda “Tarix” fani 4,5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 5 soat, 11-sinfda “Tarix” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 5 soat o`qitilishi mumkin.

Eslatib o`tamiz, maktablar imkoniyatini hisobga olgan holda yanvar oyi davomida o`quvchilar orasida o`tkazilgan so`rovnomalar natijasiga ko`ra variativ o`quv rejalar respublika bo`yicha jami 627 ta (maktablarning umumiy soniga nisbatan — 6,3%) umumiy o`rta ta`lim maktablarida tajriba-sinovdan o`tkazilmoqda.

Mazkur maktablarning 10-11-sinflarida jami 1 035 ta (10-11 sinflarning umumiy soniga nisbatan 2,8%) tanlov sinflari (10-sinflarda 565 ta, 11-sinflarda 470 ta) tashkil etildi.

Mazkur sinflarda jami 27 166 nafar (10-sinf: 15 477 nafar, 11-sinf: 11 689 nafar) o`quvchi ta`lim olmoqda.

So`rovnoma natijalariga ko`ra, ijtimoiy-gumanitar yo`nalishida 328 ta tanlov sinfi tashkil etildi va ularda 8 785 nafar o`quvchi tahsil olmoqda.

Moliya-iqtisod yo`nalishida 6 106 nafar o`quvchi o`qish istagini bildirdi. Natijada, 251 ta tanlov sinfi tashkil etildi.

Xorijiy til va filologiya yo`nalishidagi 195 ta tanlov sinfida 5397 nafar o`quvchi tahsil olmoqda.

Tabiiy fanlar yo`nalishidagi 134 ta tanlov sinfi tashkil etildi va ularda 3473 nafar o`quvchi qabul qilindi. 3 405 nafar o`quvchilar texnologiya yo`nalishidagi 127 ta tanlov sinflarda bilim olmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar