Qashqadaryo viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasi "Qashqadaryo viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasi soxta buyruq tayyorlash bilan shug`ullanadimi?” savlavhali maqolaga o`z munosabatini bildirdi:
"2020 yilning 3 fevral kuni Darakchi.uz saytida Muqaddas Ismoilovaning «Qashqadaryo viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasi soxta buyruq tayyorlash bilan shug`ullanadimi?” sarlavhali maqolasi e`lon qilindi. Maqola mazmuni Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani “Uzun” MFYda yashovchi Sohiba Nodirovaning murojaati, uning nohaq ishdan bo`shatilgani, Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ining munosabati, mazkur boshqarmaning buyrug`i va Maktabga ta`lim vazirining hayfsani kimga atalgani xususida.
Xo`sh, bu chigal vaziyatda, maqolada kalavaning uchi topilganmidi? Unda mavjud holatga qanday yondoshildi?
Avvalo hammasiga sababchi bo`lgan S.Nadirovaning ishdan bo`shatilish voqeasiga nazar tashlaymiz. Qashqadaryo viloyati maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ining 2018 yil 17 fevraldagi 10/1-K-sonli buyrug`iga ko`ra Qamashi tumanidagi 14-maktabgacha ta`lim muassasasining mudirasi S.Allaeva bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi va S.Nadirova 2018 yil 17 fevraldan e`tiboran “nomzodlar aniqlangunga qadar vaqtincha mudira vazifasini bajarish” yuklatiladi. 2018 yil 15 oktyabrda esa Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ining 83/2-K-sonli buyrug`i chiqadi. Unga ko`ra G.Mengnorova Qamashi tumanidagi 14-sonli Maktabgacha ta`lim muassasasiga mudira etib tayinlanadi. Bunga asos qilib, Qamashi tuman hokimining 2018 yil 20 apreldagi 1-01/10-sonli tavsiya xati ko`rsatiladi.
Mazkur buyruq S.Nadirovaning e`tiroziga sabab bo`ladi va Fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudiga da`vo kiritadi. Da`vogar noqonuniy ishdan bo`shatilganligi haqida vajlar keltiradi. Shu va boshqa holatlarga ko`ra, Fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudi 2018 yilning 25 dekabrda hal qiluv qarori chiqaradi. Aslida ushbu qaror shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan bo`lib, qator jihatlar e`tibordan chetda qoladi.
Bu orada yuqoridagi Fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlaro sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qaroriga ko`ra Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ining 2019 yil 14 yanvardagi 5-K sonli buyrug`i chiqariladi. Buyruqda sud Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ining 83/2-K-sonli buyrug`ini g`ayriqonuniy deb topganligi sababli S.Nadirova o`z ishiga, ya`ni Qamashi tumanidagi 14-MTM mudiraligiga tiklanganligi aks etgan. Bunga sud qarori ijrosini ta`minlash nuqtai nazaridan yondoshilgan desak, to`g`riroq bo`ladi.
Xo`sh, undan keyin nima bo`li? Shu bilan adolat qaror topdimi? Bir qarashda shunday? Ammo aslida...
2019 yil 28 fevral kuni Fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyasiya instansiyasi sudining ajrimiga e`tiboringizni qaratamiz. Fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qaroridan norozi bo`lib, javobgar Qashqadaryo viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i A.Almardonov tomonidan keltirilgan apellyasiya tartibidagi shikoyati fuqarolik ishi bilan ko`riladi. Mazkur ish mazmuniga batafsil to`xtalib o`tirmaymiz. Ammo asosiy jihatlarni keltirib o`tish joiz.
Ya`nikim, “O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 375-moddasi, 1-qismi, 1-4-bandlariga ko`ra, ish uchun ahamiyatga ega bo`lgan holatlar to`liq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo`lgan holatlarning isbotlanmaganligi, sudning hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi, moddiy huquq normalarining yoki prosessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto`g`ri qo`llanilganligi, sud hujjatini apellyasiya, kassasiya va nazorat tartibida bekor qilishga yoki o`zgartirishga asos bo`ladi.
Birinchi instansiya sud (Fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qarori nazarda tutilmoqda) ishning haqiqiy holatini o`rganmasdan, da`vogar S.Nadirovaning buyruqni g`ayriqonuniy deb topib bekor qilish, ishga tiklash, ish haqlari va ma`naviy zarar undirish haqidagi da`vo talablarini qanoatlantirib barvaqt xulosaga kelgan”.
Xuddi shunga ko`ra, Fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudi S.Nadirovaning da`vo talablarini rad etadi. Shu o`rinda yana bir chalkash vaziyatga e`tiboringiz qaratamiz. Apellyasiya tartibidagi shikoyatda A.Alimardonov da`vogar huquqbuzarlik sodir etgan deb topilganiga huquqiy baho berilmagani haqida to`xtalinadi. Ajrimda esa “Da`vogar o`zining Qamashi tumanidagi 14-sonli maktabgacha ta`lim muassasasida mudiralik faoliyatida 2018 yil 19 sentyabr kuni shu maktabgacha ta`lim muassasasida tarbiyasi bo`lib ishlovchi D.Qulmurodovaning ishga qabul qilinganligi to`g`risidagi buyruq ushbu muassasaning buyruqlar kitobida mavjud emasligini vaj qilib D.Qulmurodovaning muassasada mehnat huquqlarini amalga oshirishga faol qarshilik qilib kelganligi sababli O`zbekiston Respublikasi MJtKning 49-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 102-moddasi 5-qismiga ko`ra, mehnat shartnomasi xodim aybli hatti-harakat sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda, ish beruvchi xodimni mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinishi to`g`risida kamida uch kun oldin xabardor qiladi yoki unga shunga mutanosib kompensasiya to`laydi”
Mazkur ajrim ijrosini ta`minlash yuzasidan Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ining 2019 yil 12 martdagi 38-K-sonli buyrug`i chiqariladi. Buyruqda Fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qarorining tegishli bandi o`z kuchini yo`qotganligi munosabati bilan 2019 yil 14 yanvardagi S.Nadirovani ishga tiklash borasidagi buyruq ham o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblanishi, G.Mengnarova esa shu lavozimga doimiy tayinlanganligi keltirib o`tilgan.
Bu kalavaning uchi edimi? Yo`q. Hali shoshilmaymiz. Chunki, 2019 yil 26 iyul kuni Fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudining yana bir ajrimi chiqadi.
Bu safar da`vogar S.Nadirova fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qaroridan norozi bo`lib, javobgar Qashqadaryo viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i tomonidan keltirilgan apellyasiya tartibida shikoyati bo`yicha FIB Qashqadaryo viloyat apellyasiya instansiyasining 2019 yil 28 fevraldagi ajrimini yangi ochilgan holat bo`yicha bekor qilib, qayta ko`rish haqida ariza beradi.
Xo`sh, bunda nimalar ravshanlashdi? Fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 28 fevraldagi ajrimi bilan buyruqni bekor qilib, ishga tiklash, majburiy progul uchun ish haqlarini va ma`naviy zarar undirish haqidagi talablari rad qilinganligi, bunga asos qilib ma`muriy sudning 2018 yil 19 sentyabrda ma`muriy jazo qo`llash haqidagi qarori sabab bo`lganligini, hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`atining 2019 yil 3 iyundagi qarori bilan Qamashi tuman ma`muriy sudining 2018 yil 19 sentyabrdagi ma`muriy jazo qo`llash haqidagi qarori bekor qilingan. Da`vogar esa fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 28 fevraldagi ajrimini yangi ochilgan holat bo`yicha bekor qilib, ishni tiklab, qayta ko`rishni so`ragan.
Oqibatda nima bo`ldi? Ajrimdagi bandlarni aynan keltiramiz:
“Garchand, fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudining 2019 yil 28 fevraldagi ajrimida da`vogar S.Nadirova O`zbekiston Respublikasi MJtKning 49-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor deb topilganligi qayd etilgan bo`lsa-da, ammo da`vogarning vazifasidan ozod etilishiga ushbu ma`muriy qaror asos qilib olinmagan.
Bundan ko`rinadiki, da`vogar S.Nadirovaning Qamashi tuman ma`muriy sudining 2018 yil 19 sentyabrdagi ma`muriy jazo qo`llash haqidagi qarori bekor qilinganligi sababli fuqarolik ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudining 2019 yil 28 fevraldagi ajrimini bekor qilib, ishni yangi ochilgan holat bo`yicha ko`rish haqida keltirgan vaji asossiz”.






