AsosiyJamiyat

SAYLOV-2015 “SAYLOVOLDI UChRAShUVLAR DAVOM ETMOQDA”

18 mart kuni O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida Prezident saylovida faol ishtirok etishga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi.  Mazkur tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari A.Shadmanov va A.Pardaev, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi oliy va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limini rivojlantirish markazi direktori o`rinbosari A.Xo`jaev, Toshkent davlat yuridik universiteti dosenti O.Turg`unov ishtirok etdilar.

Davra suhbatida ta`kidlanganidek, bugungi mustaqillik yillarida inson manfaatlarini izchil ta`minlash mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Yurtimizda umume`tirof etilgan xalqaro norma va standartlarga mos bo`lgan samarali qonunchilik, normativ-huquqiy asos shakllantirildi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi boshchiligida saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazishni ta`minlaydigan mustaqil saylov komissiyalari tizimi faoliyat yuritmoqda. Fuqarolar va siyosiy partiyalarning saylov jarayonida faol va erkin ishtirok etishi uchun sharoitlar hamda saylov huquqlarini ro`yobga chiqarish uchun kafolatlar yaratilgan.

Ishtirokchilar qayd etganidek, Konstitusiyamizda O`zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanligi belgilab qo`yilgan. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o`z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tkaziladi.

Tadbirda ishtirokchilari qayd etganlaridek,  O`zbekistonda bo`lajak saylovlarga xalqaro standartlarga muvofiq holda, yuksak saviyada tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish uchun barcha huquqiy sharoitlar yaratilgan.

Uchrashuvda qatnashgan yoshlarning katta qismini Prezident saylovida birinchi bor ishtirok etayotgan yoshlar tashkil etdi. Ular o`z kelajaklarini belgilash yo`lidagi tanlov zimmasiga katta mas`uliyat yuklayotgani ich-ichlaridan his etib turishibdi.

OLDIMIZDA MAS`ULIYaTLI DAMLAR TURIBDI

Sitora Rahmatullaeva, O`zDJTU talabasi: - Men 2015 yil 29 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lib o`tadigan saylovda ilk bor qatnashaman. Bu saylovda  ishtirok etish  katta javobgarlik hissini uyg`otayapti. Chunki mening ovozim kelajagimizni obod va farovon bo`lishiga kichkinigina bo`lsa-da, ahamiyatli ekanini tushunayapman. Bu men uchun mas`uliyatli vazifa ekani kelajakka bo`lgan ishonchimni yanada mustahkamlaydi.

Bugungi tadbirdan esa o`zim uchun zarur bo`lgan ko`plab ma`lumotlarni oldim. Ayniqsa, yurtimizda shakllangan saylov tizimining xalqaro talablar darajasida ekanini eshitib, ich-ichimdan g`urur tuydim. Demokratik jamiyat fuqarosi ekanimdan faxrlanaman!

MENING OVOZIM HAM AHAMIYaTGA EGA

Abdushukur Ubaydullaev, O`zDJTU talabasi: - Men O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida birinchi bor ishtirok etib, o`z tanlovimga mos va xos bo`lgan nomzod  uchun ovoz beraman. Nomzodlar to`g`risida barcha ma`lumotlarga egaman. Bugun men bergan ovoz kelgusida qilajak ishlarim va rejalarimni amalga oshirishda juda muhim.

Bugungi Qonunchilik palatasi deputatlari va huquqshunoslar bilan uyushtirilgan uchrashuv biz yoshlar uchun ayni muddao bo`ldi. Saylov borasida o`zimni qiziqtirgan barcha savollarga javob oldim.

Shahnoza RAHIMXO`JAEVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar