O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Xalqaro moliyaviy ta`lim tarmog`ining (IHTT/XMTT) to`la huquqli a`zosiga aylandi, deya xabar beradi Markaziy bank rasmiy kanali.
2008 yildan IHTT Xalqaro moliyaviy ta`lim tarmog`i moliyaviy ta`lim sohasida standartlarni baholashni samarali amalga oshirish va monitoring qilish, aholining turli qatlamlarining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ishlab chiqish va qo`llab-quvvatlashga ko`maklashish, o`quvchilarning ta`lim yutuqlarini baholashning xalqaro dasturini (PISA) ta`lim tizimini baholash monitoringi amaliyotiga joriy etish sohalarida siyosat olib boradi.
120 dan ortiq a`zo mamlakatlardan tashkil topgan xalqaro tarmoq, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog`iston, Tojikiston va Qirg`iziston Respublikasi kabi MDH davlatlarini ham o`z ichiga oladi.
Tarmoqqa to`liq a`zolik O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga nafaqat resurslardan foydalanish va ulardan yordam olish, balki Texnik Qo`mita yig`ilishlarida hamda moliyaviy ta`limni takomillashtirish va moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etish imkonini beradi.






