AsosiyJamiyat

Ob-havo ma`lumoti: bu yil bahor nisbatan issiqroq boshlanadi

'Ob-havo ma`lumoti: bu yil bahor nisbatan issiqroq boshlanadi'ning rasmi

O`zgidrometning xabar berishicha, bu yilgi bahor quyoshli va juda iliq havo bilan boshlanadi. 1-2 martda kunduzgi harorat 20-23 darajagacha ko`tariladi, bu o`rtacha ko`p yillik qiymatlardan 8-10 darajaga yuqori. 3 martda O`zbekiston hududining katta qismida iliq va quruq havo saqlanib turadi. 4-5 martda salqin va nam havo oqimining kirishi bilan harorat foni pasayadi. Respublikaning ba`zi joylarida yomg`ir yog`adi. Biroq bahor oyining birinchi o`n kunligida ob-havoning keskin o`zgarishlari kutilmayapti. Shuni ham nazarda tutish kerakki, mart oyi juda injiq oy. Bu oyga havo oqimi yo`nalishlarining tez-tez o`zgarib turishi xosdir. Xorijiy janubdan jadal kiradigan juda iliq havo oqimi Volgabo`yi, ba`zida Ural va kamdan kam holda G`arbiy Sibirdan kiradigan sovuq havo bilan almashib turadi. Shuning uchun issiq havoli davr sovuq haroratli davr bilan almashib turadi. Havo oqimlari almashinuvi nam bilan birgalikda kelsa, ob-havo nobarqaor bo`lib, yog`ingarchilik kuzatiladi. O`zbekistonda mart oyi yilning ham yog`inlar miqdori, ham yog`ingarchilikli kunlar soni bo`yicha eng ko`p yog`ingarchilik kuzatiladigan davridir. O`rtacha hisoblaganda, agar shimoliy hududlar va cho`l zonasini hisobga olinmasa, martda 10 kundan 15 kungacha yog`ingarchilikli kunlar bo`ladi.

Martda yog`ayotgan yomg`irning qorga aylanishi va haroratning manfiy ko`rsatkichlargacha tushib ketish holatlari ham takrorlanib turadi. Ana shunday noxush ob-havo syurprizlaridan biri 2015 yil mart oyida qayd etilgan. Uzoq muddatli iliq ob-havodan keyin, mevali daraxtlar gullagandan so`ng, mart oyining oxirida respublikaning ayrim mintaqalarida qor yog`ib, sovuq urgan.

Umuman bahor faslining qanday bo`lishi to`g`risida aytish mushkul. Aprelda odatda atmosferaning nobarqaror holati saqlanib turadi. Yomg`irlar ko`p yog`adi, biroq ular qisqa muddatli bo`lib, momaqaldiroq bo`ladi, ba`zan do`l yog`ib, shamol kuchayadi va shiddat bilan esadi.

Mayda mart va aprelga qaraganda yog`ingarchilik kam bo`ladi, ular odatda hudud bo`yicha, hatto bir shahar chegarasida ham notekis taqsimlanadi, lekin juda kuchli ham bo`lishi mumkin.

Tog`oldi hududlarda kuchli jala vayron qiluvchi sel oqimlarini yuzaga keltirishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar