Turli sabablarga ko`ra sodir bo`lgan yong`inlarda 2 nafar fuqarolar tan jarohatlari olishgan va 6 nafar fuqaro halok bo`lgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy sayti xabar bermoqda. Ushbu yong`inlarda 1 mlrd. 192 mln. 620 ming so`mdan ortiq qurilish materiallari va 1 mlrd. 273 mln. 849 ming so`mga yaqin moddiy boyliklar yong`indan saqlab qolingan.
Farg`ona viloyati Uchko`prik tumanida yashovchi X.Ergashevning uyida qo`lbola isitish pechidan foydalanilib, nazoratsiz holda qoldirilishi oqibatida yong`in sodir bo`lgan. Yong`in natijasida uyning 90 kv. metr maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan.
Toshkent shahar Shayxontoxur tumanida yashovchi fuqaro R.Zokirov uyida mast holda sigareta chekib uxlab qolishi natijasida 5 kv. metr maydonda uy jihozlari yonib zararlangan. Yong`in natijasida R.Zokirov tutundan dimiqib, vafot etgan.
Farg`ona viloyati Quva tumanida yashovchi fuqaro O.Temirova oshxonasidagi gaz plitasi jo`mragidan sizib chiqqan gaz hidini sezmagan holda gugurt chaqqan vaqtida xonaga to`plangan gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo`lgan. Chaqnash natijasida O.Temirova kuyish tan jarohati olgan hamda uyning 20 kv. metr maydonda tomi va uy jihozlari yonib zararlangan.





