AsosiyJamiyat

Uychi tumanidagi 11-maktabda o`quvchi homilador o`qituvchining yuziga to`p otdi. O`qituvchi urishgach esa bola haddidan oshdi

'Uychi tumanidagi 11-maktabda o`quvchi homilador o`qituvchining yuziga to`p otdi. O`qituvchi urishgach esa bola haddidan oshdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Uychi tumani xalq ta`limi bo`limiga qarashli 11-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabidagi o`quvchi  va o`qituvchi  munosabati bilan bog`liq holat aks etgan videolavha namoyish etilgan.

Xalq ta`limi vazirligi taqdim etgan ma`lumotga ko`ra,  maktabning 9-sinf o`quvchisi tomonidan 2020 yil 27 fevral kuni ijtimoiy tarmoqqa havola etilgan videolavhada aks etganidek, fizika fani o`qituvchisi Dildora Boqijanova  sinfga kirgan paytda o`quvchilardan biri S. M. futbol to`pini uloqtiradi. To`p o`qituvchining yuziga tegadi. Homilador bo`lgan o`qituvchi kutilmagan vaziyatdan qo`rqib ketishi oqibatida to`pni o`zi tomon uloqtirgan o`quvchiga “Onang senga tarbiya bermaganmi?” deb tanbeh beradi. O`quvchi esa o`qituvchiga nojoiz so`zlar bilan gap qaytaradi.

Mazkur holat Uychi tumani xalq ta`limi bo`limi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan 28 fevral kuni maktab  o`qituvchisi D. Boqijanova, sinf rahbari E. Usmanova hamda o`quvchilarning ota-onalari ishtirokida o`rganilib, muhokama qilindi. O`rganish va holat yuzasidan o`tkazilgan yig`ilishda tuman xalq ta`limi bo`limi mudir o`rinbosari M.Zaitov va “Mirzaravot” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Z. Mamatxanov so`zga chiqib, o`quvchilarni ta`lim muassasalarida uyali aloqa telefonlaridan foydalanishi taqiqlangan bo`lishiga qaramay ba`zi o`quvchilar va ota-onalari bunday holatga yo`l qo`yayotganliklari, shu tufayli yuqoridagi kabi vaziyatlar sodir etilayotgani bayon etib o`tdilar.

Shundan so`ng noxush vaziyatni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga havola etgan hamda o`qituvchiga intizomsizlik bilan munosabatda bo`lgan o`quvchining ota-onasi so`zga chiqib, xaqiqatdan ham maktab rahbariyati tomonidan ota-onalar yig`ilishlari, kuzatuv kengashi va sinf rahbarlari tomonidan o`tkazilgan yig`ilishlarda o`quvchilarni maktabda mobil aloqalardan foydalanmasligi muntazam ravishda tushuntirilib, bu haqda bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay ular farzandlariga mobil telefon olib berishgani, bu holat qayta takrorlanmasligini ta`kidlab, farzandlarining qilgan ishlarini qoralab, fan o`qituvchisi va maktab rahbariyatidan uzr so`radilar.  

O`z navbatida, fan o`qituvchisi D. Boqijanova o`quvchi tomonidan uloqtirilgan to`p yuziga qattiq tekkanligi sababli asabiylashishi oqibatida o`quvchilarga asabiy munosabatda bo`lganligi uchun ularning ota-onalari hamda maktab rahbariyatidan uzr so`rab, bundan keyingi ish faoliyatida bunday holatga hamda xato va kamchiliklarga yo`l qo`ymasligi, o`quvchilar bilan doimo do`stona munosabatida bo`lishini bildirdi.

Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi mutaxassisi E. Tursunov va tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri Sh. Muradov maktab direktori A. Mo`ydinov maktab jamoasi bilan bu kabi holatlarni oldini olish yuzasidan zaruriy chora-tadbirlarni ko`rish yuzasidan suhbatlashdilar.  

O`rganish yakuniga ko`ra, ishchi guruhi tomonidan mazkur holatning kelib chiqishi va bunga imkon yaratgan shart-sharoitlar bo`yicha xulosa qilinib, yuqoridagi kabi holatlar kelib chiqishini oldini olmagan, o`z vazifasini lozim darajada bajarmagan mas`ullarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko`rilishi belgilandi.  

O`qituvchi va o`quvchi munosabatlarining bugungi ta`lim-tarbiya jarayonlarida, kelajak avlod kamolida hamda umumta`lim maktablarida ijtimoiy-ma`naviy muhitning sog`lom va namunali bo`lishida o`rni va ahamiyati muhim. Shundan kelib chiqib, viloyat xaql ta`limi boshqarmasi tomonidan umumta`lim maktablari faoliyatini namunali yo`lga qo`yishga yanada e`tibor bilan yondashgan holda ilm maskanlarida o`qituvchi va o`quvchi munosabatlari, ma`naviy-ma`rifiy va axloqiy tarbiya ishlari namunali borishi doimiy nazoratga olinadi, deyiladi Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar