AsosiyJamiyat

“ITB Berlin -2020” xalqaro turizm ko`rgazmasi bekor qilindi

'“ITB Berlin -2020” xalqaro turizm ko`rgazmasi bekor qilindi'ning rasmi

Butun dunyoda COVID-19 virusi bilan kasallanganlar soni oshib borishi munosabati bilan “ITB Berlin -2020” xalqaro turistik ko`rgazmasi bekor qilindi. Germaniya Sog`liqni saqlash vazirligi va IIV inqirozli holatlar shtabida shu haqida xabar berildi.   

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, yarmarkada ishtirok etish uchun jahonning 180 mamlakatidan 10 ming kishi ro`yxatdan o`tgan. Shuningdek, yarmarkaga turli davlatlardan 160 mingga yaqin mehmonning kelishi kutilayotgan edi. Tadbir tashkilotchilari “Messe Berlin” ko`rgazma markazi vakillari yarmarka o`tishi kerak bo`lgan Sharlottenburg-Vilmersdorf ma`muriy okrugiga nisbatan hukumat tomonidan qo`yilgan xavfsizlik shartlarini bajara olmasliklarini tasdiqlashdi.   

Shartga ko`ra, yarmarkaning har bir ishtirokchisi kasallik xavfi bo`lgan mamlakatdan kelmagani yoki o`sha zonalardan bo`lgan kishilar bilan aloqada bo`lmaganini isbotlashi kerak edi.   Germaniya inqirozli holatlar shtabining o`zi ham ITB-Berlin-2020 ko`rgazmasini bekor qilishni tavsiya qilgan. “O`ylaymizki, ushbu tamoyillarning qo`llanilishida ITB-Berlin kabi yirik xalqaro tadbirlar bekor qilinishi kerak”, - deyiladi shtab xabarida.   

Messe Berlin kuzatuv kengashi raisi Volf Deyter Volfning ta`kidlashicha, bu mazkur xalqaro ko`rgazmaning 54 yillik tarixida birinchi marta bekor qilinishidir.   “Shu paytgacha bizni qo`llab quvvatlab kelgan barcha hamkorlarimiz va doimiy ishtirokchilarga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz hamda bundan keyin samarali hamkorlik qilishga umid qilamiz”, - dedi Volf Deyter Volf.   

Bugunga kelib Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyoda karonavirus bilan kasallanganlar soni 85 mingdan oshdi. Ularning 2,9 ming nafari kasallik natijasida hayotdan ko`z yumdi. Kasallik dunyoning 55 mamlakatida qayd etilgan. O`zbekistonda COVID-19 virusi bilan kasallanish holati aniqlanmagan. 

    Boshqa yangiliklar