Inson – tabiati qiziq... Ba`zan muhim va dolzarb ishlar turganda, arzimas, mayda-chuyda narsalar bilan ovora bo`lib, atrofidagilar bilan o`zaro bahslashadi, tortishadi. Bordi-yu, munozarada yutqazsa, qarshi tomonni ayblaydi, hatto uni dinsizga chiqarib qo`yadi. Bu kecha yoki bugun paydo bo`lib qolgan holat emas. Bunday holat, ayniqsa, muqaddas dinimizning asl mohiyatini chuqur tushunmaydigan yoki boshqalarning ma`naviyatiga tobe kishilarda ko`proq uchraydi.
Gapning indallosi... 8 mart yaqin. Har bahorda shu bo`lar takror deganlariday, ko`klam kelishi bilan musulmonlar o`rtasida bir mavzu takrorlanadi: “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlasa bo`ladimi?”
**Bayram qachon paydo bo`lgan?
**
Avvalo, o`quvchiga tushunarli bo`lishi uchun ushbu bayram tarixi haqida to`xtalsak. 8 mart 1908 yil birinchi marta Amerika Qo`shma Shtatlarida bayram qilingan. 1909 yildan 1913 yilgacha, fevral oyining oxirgi yakshanbasida nishonlangan. Dastlab bayramning qaysi kuni nishonlanishi borasida ko`p chalkashliklar bo`lgan. 1911 yildan Xalqaro xotin-qizlar kuni Germaniya, Avstriya, Daniya va Shveysariyada 19 martda nishonlana boshlangan. Keyinchalik 12 may sanasida nishonlangan. 1914 yildan 8 mart bayram kuni sifatida belgilangan.
Bu kun Angola, Gvineya, Kambodja, Xitoy, Kongo, Laos, Makedoniya, Nepal, Janubiy Koreya va Uganda davlatlarida dam olish kuni deb e`lon qilingan. Hozir bu bayram ko`pgina davlatlarda dam olish kuni va ayollar bayramidir.
8 mart bayrami haqida hamma har xil fikrda... Kimlardir uni nishonlasa, kimlardir nishonlanishi kerak emas, deb hisoblashadi. Lekin, hech o`ylab ko`rganmizmi, aslida onalarimiz, opa-singillarimizni tabriklashimiz, ularni ko`ngillarini shod etib, qadrlashimiz uchun 8 martni kutishimiz shartmi? Ularga faqat yilda bir kun, 8 mart kunigina e`tibor qaratishimiz, shirin so`zlab, tabriklashimiz kerakmi? Ular uchun har bir kunni 8 mart bayramidek zavqli va chiroyli kunga aylantirishimiz shart emasmi?!
Shu o`rinda bir mulohaza. Ba`zi mo`min-musulmonlar ham 8 martni bayram qilish dinimizda yo`q, deyishadi. Lekin muhtarama ayolni e`zozlash, unga hurmat ko`rsatish – dinimiz amri, Parvardigori olamning farmoni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekan, nega endi biz aynan 8 mart kuni xotin-qizlarni e`zozlamasligimiz kerak ekan?!!
8 mart ilk tarixi xotin-qizlarning huquqlari himoya qilinib, teng huquqlilik talab etilgan. Xo`sh, ayollarning o`zlarini ham, huquqlarini ham ulug`lash birinchi martta Klara Setkin tomonidan joriy etilganmi yoki Qur`oni karimda Alloh taolo tomonidan hukm etilganmi? Dastlab Qur`oni karim nozil bo`lganmi yoki Klara Setkin shu taklif bilan chiqqanmi?!
Islomda ayol
Alloh taolo insoniyat naslini davom ettirish uchun ayolga onalik imkonini berdi. Ayol erkak uchun taskin, osoyishtalik va libos timsoliga aylandi. Bu haqda Qur`oni karimda bunday deyiladi: “U sizlarni bir jondan yaratgan va orom olsin uchun undan juftini yaratgan Zotdir”(A`rof surasi 189-oyat).Boshqa bir oyatda esa: “Ular (Ayollar) sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz”(Baqara surasi 187-oyat), deb marhamat qilingan.
Qur`oni karimning bir nechta oyatlarida onani e`zozlashga, uning haqqini ado etishga buyurilgan (masalan: Isro surasi 23-24 oyatlar, Luqmon surasi 15-oyat, Ahqof surasi 15-oyat). Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: “Jannat – onalar oyog`i ostidadur!”–deb marhamat qilganlar. Islom ta`limotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi bilan barobar, oilada uning o`z haq-huquqlari ham borligi aytilgan (masalan: Baqara surasi 228-oyat).
Ayollarga chiroyli muomala qilishda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam butun insoniyatga namuna bo`ladilar. Ayol nomini ulug`lash, uning sha`nini ko`tarish, xotin-qizlarning huquqini belgilab berishda nafaqat Islom olamiga, balki butun jamiyatga ibratdirlar. U Zotning muborak oxirgi vasiyatlarida bunday mashhur jumlalar bor edi: “Ogoh bo`linglar, ayollarga yaxshi muomala qilinglar!..”(Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa hadisi shariflarida: “Sizlarning yaxshilaringiz – xotinlariga yaxshilik qiladiganlaringizdir!”(Imom Termiziy rivoyatlari);
“Kimning bir qizi bo`lib, unga chiroyli odob bersa, Alloh bergan ne`matlaridan uni ham bahramand qilsa, nomai a`moli o`ng tarafdan berilishiga va do`zaxdan osongina qutulib, jannatga doxil bo`lishiga sabab bo`ladi”;
“Mo`minlarning eng imoni mukammali – go`zal xulqlisidir! Sizlarning eng yaxshingiz – o`z ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo`ladiganingizdir!”, deyilgan.
Abu Umomadan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Mo`min banda Allohga bo`lgan imondan so`ng erishgan yaxshi narsa soliha ayol bo`lib, unga amr qilsa – itoat qiladi, qarasa – xursand qiladi, qasam ichsa– uni oqlaydi va g`oyib bo`lsa –o`z nafsida va molida unga yaxshilikda bo`ladi,”–der edilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Olmoniyalik taniqli olima Annamarie Shimmelning “Jonon mening jonimda” kitobida bunday jumlalar keladi: “Islom jamiyatida eng katta hurmatga loyiq zot – ayol, ona hisoblanadi”.
Islomda Alloh taologa ibodat qilishdan keyingi birinchi o`ringa qo`yilgan amal silai rahm bo`lib, uni eng yaqin jigarlardan, ya`ni onalar, farzandlar, opa-singil, amma va xolalardan boshlashga targ`ib etiladi. Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning “Ayollar –erkaklarning ajralmas qismidirlar”, degan hadislariga binoan, ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo`lagi ekan, u ijtimoiy hayotda o`z mavqeiga ega bo`lib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir.
**Shikoyatini Alloh taolo eshitgan ayol
**
Umar ibn Xattob raziyallohu anhu ashoblar bilan masjiddan qaytayotganlarida bir ayol yo`llarini to`sib, ta`na qila boshladi: “Ey Umar, seni bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi, keyin “Umar” deb ataladigan bo`lding. Bugun esa seni “mo`minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, mas`uliyat bobida Allohdan qo`rq, kim Qiyomat kunidan qo`rqsa, o`sha olis kun unga yaqinlashib qoladi, kim o`limdan qo`rqsa, o`tkinchi narsalar uni qo`rquvga soladigan bo`ladi”. Hamrohlari Hazrat Umarga: “Shu kampirning gapiga quloq solib o`tiribsizmi?”–deyishdi. Shunda Hazrat Umar: “Bu ayolning kimligini bilmaysizlarmi?U –Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa`laba bo`ladi. Uning so`zini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?”–dedilar”.
Ayol bilan maslahatlashing!
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mushkul vaqtlarda ayollari bilan maslahatlashganlar. Hudaybiya sulhi voqeasida mushriklar bilan sulh tuzilgandan keyin sahobalarga: “Turinglar, qurbonliklaringizni so`yinglar va sochingizni olinglar”, –dedilar. Ana shu gaplarini sahobalarga uch marta takrorlab aytsalar ham, biror kishi o`rnidan turmadi.
Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zavjalari Ummu Salama raziyallohu anhoning oldilariga kirib, voqeani aytdilar. Ummu Salama raziyallohu anho: “Ey, Allohning Rasuli! Shundoq qilishlarini xohlaysizmi? Chiqing-da, ulardan birortasiga biror so`z aytmasdan, qurbonligingizni so`ying, soch oluvchingizni chaqiring, sochingizni olsin”, –dedilar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zavjalari Ummu Salama raziyallohu anho maslahat qilganlaridek ish tutdilar. Sahobalar U Zot sallallohu alayhi vasallamni ko`rib, qurbonliklarini so`ydilar va sochlarini oldirib, U Zotga darhol ergashdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Er yuzida Islom dinini ilk qabul qilgan inson aynan ayol (!) kishi bo`lgani ayollarning faxrlanishlari uchun etarlidir! Bu ayol – Xadicha raziyallohu anhodirlar.
1500 ga yaqin kitob yozgan hindistonlik buyuk olim Ashraf Ali Tahonaviy “Bayonul Qur`on” deb nomlangan tafsirni yozayotgan payt ayoli u kishiga: “Qafasdagi qushga don berib, so`ng madrasaga keting”, –dedi.
Hazrat “Bayonul Qur`on” ning xayolida ayolining gapini esdan chiqarib, madrasaga ketaveribdi. U zotning shogirdlaridan Shafe` Usmoniy aytadi:
“Agar bir odamning 1500 ta kitob yozishiga kimki shubha qiladigan bo`lsa, unga o`zim ko`rganimni aytib beray: “Men Tahonaviyning qalamini qo`li tegmagan holda kitobning ustida aylanib yozayotganini ko`rganman”.
O`sha kuni tafsirni davom ettirmoqchi bo`lgan olimning qalami qimirlamabdi. Harchand urinib, uni yurgizishga harakat qilmasin, qalam joyida qotib turaveribdi. Shunda Yaratganga “Yo Allohim, men har doim yozishga o`tirganimda, qalam o`zi yozishni boshlardi, mendan nima gunoh sodir bo`ldiki, bugun qalamim yozmayapti?”, deb nola qilibdi. Shunda uydan chiqayotganida ayoli qushga don berishni aytgani esga tushib, qalamni tashlagancha, uyga yugurib ketibdi.
Uyga borib, qushga don berib kelganidan so`nggina qalam qimirlagan ekan.
Qalam yozishni boshlagan joy esa Qur`oni karimning Niso surasidagi “Ayollaringiz bilan yaxshi muomalada bo`linglar!” degan oyat ekan.
Modomiki shunday ekan, Onaga, Ayol zotiga yuksak ehtirom ko`rsatish –azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Sohibqiron Amir Temurning: “Ayollarga imkon qadar iliq muomalada bo`lishga harakat qildim”, degan hikmatli so`zi asrlar oshsa-da, o`z mohiyatini yo`qotmagan. Qadimdan ayolni e`zozlagan davlat gullab yashnagan, ravnaq topgan. Ayolni ardoqlagan oila esa bu dunyoning jannatiga erishgan.
Xulosa
Dinimizda ayolga e`tibor naqadar yuksak ekanini bugun hamma e`tirof etadi. Qur`oni karimda ham ayollarga ehtirom ko`rsatish erkaklar zimmasiga yuklangan, Janobi Payg`ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham ayollarni e`zozlagan ekanlar, nahotki biz bu ishni bir kunga – 8 martga xoslab olgan bo`lsak. Shunday ekan, har kuni ayollarni e`zozlashimiz, ular uchun har kunni “8 mart” qilishimiz kerak emasmi?!
Ona o`rnin ato tutmas o`g`ilg`a,
Ki mumkindur o`g`il bo`lmoq atosiz,
Masiho birla Maryamdin qiyos et,
Ki imkon yo`qturur bo`lmoq anosiz
(Alisher Navoiy).
Klara Setkin ismli ayol 1910 yil Kopengagenda o`tkazilgan Ikkinchi xalqaro ayollar konferensiyasida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilib chiqqan bo`lsa, dinimizning asosiy manbasi Kalomullohda 14 asrdan ziyodroq vaqt avval ayolni e`zozlash ilohiy amr bilan buyurilgan.
Haqiqiy baxt esa, ayolni asl maskani – oilasi bag`riga, farzandlari quchog`iga, erkaklarning ardog`iga qaytarishda! Unga onalik baxtini, ayol mukarramligini va go`zalligini, nazokatini, hayo va iffatini qaytarib berishda. Shunday ekan, ayolni e`zozlash, ular uchun har kunni 8 mart qilish zarur!
Ibrohimjon INOMOV,
O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari