Ma`lumki, Prezidentning 2019 yil 28 noyabrdagi Farmoniga muvofiq 2020 yil 1 martdan boshlab DXMlar yoki my.gov.uz portal orqali fuqarolarga subsidiyalar berish uchun ariza qabul qilish nazarda tutilgan.
Subsidiyalar ma`lum toifadagi fuqarolar uchun uylarni BOZOR NARXIDA xarid qilishga beriladi. Ya`ni, arzon uylarga hech qanday aloqasi yo`q.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-son qaroriga asosan 2017 – 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida talabgorlarni tanlash bo`yicha tuman (shahar) hokimligi huzuridagi komissiya subsidiya tayinlash bilan shug`ullanmaydi.
Lekin, Farmon chiqishi bilan arzon uy-joylar dasturi yopilmagan! Hokimliklar fuqarolarni qabul qilmasliklari bo`yicha qonunchilikda o`zgartirish kiritilmagan. Shu sababdan, ADAShTIRISh KERAK EMAS.
Arzon uy-joy uchun NAVBATlaringiz DXMlar orqali o`zgartirilmaydi. Markazni bu masalaga aloqasi yo`q. Mazkur masalada mahalliy hokimiyatlarga murojaat etish lozim.
Endi subsidiya haqida qisqacha:
Farmonga ko`ra ushbu subsidiyalar kam ta`minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo`lgan shaxslarga ipoteka krediti bo`yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan to`lanadi.
Farmonda subsidiya to`lash sxemasi ko`rsatib o`tilgan.
Biroq, subsidiya tayinlash uchun fuqarolar aniq mezonlar doirasida tanlab olinadi va ulardan ariza bilan birga ma`lum hujjatlar jamlanmasini taqdim etish talab qilinadi.
Ushbu MEZONLAR, aniq muddatlar va tasdiqlovchi HUJJATLAR jamlanmasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlanishi kerak va ShUNDAN SO`NGGINA ushbu xizmat to`liq ishga tushiriladi.
Biroq, hozirda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Markazlarda ariza qabul qilish imkoniyati yo`lga qo`yildi.
Qaror qabul qilingandan keyin subsidiya oluvchilarni tanlab olish mezonlari tasdiqlanadi. Faqat qaror chiqishini kutish kerak.






