Viloyat markazining Navoiy ko`chasida qad rostlagan uch qavatli “Shodlik” savdo markazida 1 milliard 800 million so`mlikdan ziyod qurilish- montaj ishlari amalga oshirildi. Bu haqda uz24.uz O`zA ma`lumotlariga tayanib, xabar beradi.
Savdo markazining birinchi qavatida oziq-ovqat, qishloq xo`jaligi mahsulotlari savdosi tashkil etiladi. Maydoni bo`yicha viloyatdagi eng yirik savdo markazida xalqaro andozalarda savdo xizmati ko`rsatish uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Muzlatgich-vitrinalar, havo almashtirish, haroratni mo``tadil saqlash tizimlari mahsulotlarning sifatli saqlanishiga xizmat qilsa, xaridorlar aravachasi, elektron tarozilar, kompyuter-kassa apparatlari, to`lov terminallari va boshqa texnik vositalar xaridorlarga tezkor, ishonchli va sifatli xizmat ko`rsatilishini ta`minlaydi.
Markazning ikkinchi qavati kiyim-kechak, poyabzal hamda maishiy xizmat texnikalari uchun ajratilgan. Uchinchi qavat bolalar uchun zamonaviy o`yin-attraksionlar bilan jihozlangan bo`lib, savdo markaziga kelgan ota-onalar bu erda farzandlarini maroqli dam oldirib ketishlari, shu qavatdan joy olgan oshxonada oilaviy tamaddi qilib, bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishlari mumkin.
Markaz ish boshlashi bilan 150 kishi doimiy ish o`rniga ega bo`ldi. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridir.