Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrining Eski Shahar qismida mavzelar bo`yicha zamonaviy ko`p qavatli uylar qurish (1 bosqich) to`g`risida» gi Qaroriga binoan Toshkent shahrining eski shahar qismidagi Nurafshon ko`chasida 5 ta besh qavatli eksperimental uy qurilishi tasdiqlandi. Bu haqda UzReport.uz xabar beradi.
Qayd etish lozimki, 2020 yilgacha Toshkentning eski shahar qismida shaharsozlikni rivojlantirish hamda hududning me`moriy qiyofasini yaxshilash konsepsiyasiga muvofiq, poytaxtning eski shahar qismidagi hozirda mavjud sharoitlar zamon talablari hamda shaharsozlik va sanitar normalarga nechog`lik mos kelishi bo`yicha monitoring olib boriladi. Birinchi navbatda, yo`l-transport kommunikasiyalarining sifati va darajasi, turar-joylarning ichimlik suvi, kanalizasiya, issiqlik va elektr energiyasi bilan ta`minlanganligi baholanadi.
Bundan tashqari poytaxtning eski shahar qismini rekonstruksiya qilish vaqtida tarixiy me`morchilik obidalarining milliyligi va an`analari saqlab qolinishiga alohida e`tibor qaratiladi.
Uylarning qurilishi «Ipoteka bank» ATIB va «O`zsanoatqurilishbank» OATB tomonidan ajratiladigan kreditlar hisobiga moliyalashtiriladi.
Mazkur banklar tomonidan bosh pudrat tashkilotlari — «Toshkent uy-joy qurilish» DUK, «Evrostroy Plus» va «Dizayn-Taraqqiyot» XKga obekt qurilishi uchun O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo`lmagan miqdorda ob`ekt qiymatining 90 foizigacha kredit mablag`lari ajratish tavsiya etildi.





