“O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev Buxorodagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish korxonasi va qurilishi davom etayotgan obe`ktlardagi hozirgi holatni o`rgandi. Bu haqda "O`zbekneftgaz" matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`rganish davomida “O`chqir” siquv kompressor stansiyasi va “O`chqir” propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasida bajarilayotgan keng ko`lamli ishlar bilan shaxsan tanishib chiqqan Boshqaruv raisi muammoli masalalar echimi yuzasidan o`z takliflarini hamda “O`chqir” siquv kompressor stansiyasi joriy yilning aprel oyida ishga tushirilishi va to`liq holatda ishlashi bo`yicha topshiriqlar berdi.
Eslatib o`tamiz, “O`chqir” siquv kompressor stansiyasi o`z ish faoliyatini boshlasa, kunlik gaz qazib chiqarish hajmi 2 million metr kubga ortadi.
Sentyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan “O`chqir” propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi o`z faoliyatini boshlasa, propan-butan qazib olish surati kunlik 200-210 tonnagacha oshishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari “O`chqir” propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasining yillik quvvati 80 ming tonna bo`lgan suyultirilgan gaz, yiliga 37 ming tonna barqarorlashgan gaz kondensiati olish rejalashtirilgan.






