2020 yil 2 mart kuni fuqaro Dilshod Nazarov o`zining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi shaxsiy sahifasi orqali videomurojaat bilan chiqib, o`ziga tegishli bo`lgan violonchel cholg`u asbobini O`zbekiston Respublikasidan olib chiqib keta olmayotganligini haqida yozgan edi.
Fuqaro D.Nazarovning videomurojaati yuzasidan Davlat bojxona qo`mitasi quyidagilar ma`lum qildi.
Joriy yilning 2 mart kuni soat taxminan 05:40 larda “Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” uchib ketish zalida “Toshkent-Frankfurt” yo`nalishi bo`yicha uchib ketayotgan fuqaro Dilshod Nazarov bojxona xodimi tomonidan bojxona nazoratidan o`tkazilgan.
Og`zaki so`rov natijasida fuqaro D.Nazarov XIX asrga tegishli bo`lgan musiqa asbobi (violonchel) borligini va ushbu musiqa asbobini o`zi bilan birga Germaniyadan Toshkent shahrida xayriya konserti o`tkazish uchun vaqtincha olib kelganligini ma`lum qilgan. Bojxona xodimi ushbu musiqa asbobini olib chiqish uchun Madaniyat vazirligining tegishli ruxsatnomasi yoki O`zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishini talab qilgan.
D.Nazarov bojxona xodimiga sanab o`tilgan hujjatlarning birortasini ham taqdim eta olmasligini aytgan. Olib chiqish uchun asos bo`lmaganligi uchun bojxona xodimi ushbu musiqa asbobini olib chiqishga ruxsat bermagan.
Ma`lumot uchun:
“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solish O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
- madaniy boyliklarning olib chiqilishi va vaqtincha olib chiqilishi mumkinligi to`g`risida qarorlar qabul qiladi;
- olib chiqiladi, vaqtincha olib chiqiladi deb e`lon qilingan, shuningdek vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarni ekspertizadan o`tkazishni ta`minlaydi;
- madaniy boyliklarning olib chiqilishi va vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikatlar beradi.
Ushbu qonunning 7-moddasiga binoan madaniy boyliklarning o`z mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan olib chiqilishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat asosida amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi qonun hujjatlariga muvofiq madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Dilshod Nazarov bilan bog`liq holatda “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona postida xizmat olib borayotgan bojxona xodimi madaniy boyliklar yuzasidan soha mutaxassisi bo`lmaganligi sababli yo`lovchiga tegishli cholg`u asbobining madaniy boyliklar sirasiga kirishi yoki kirmasligini aniqlash yuzasidan Madaniyat vazirligining aeroport xududida xizmat olib borayotgan vakolatli mutaxassisiga murojaat qilgan. Shuningdek, mazkur mutaxassis va yo`lovchi Dilshod Nazarovning telefon orqali muloqotini tashkillashtirgan.
O`zaro suhbat davomida Madaniyat vazirligining mutaxassisi ushbu cholg`u asbobi madaniy boylik hisoblanishini va uni sertifikat olgandan keyingina olib chiqish mumkinligini to`g`risida ma`lumot bergan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bojxona posti xodimi o`z xizmat vakolatlaridan chetga chiqmaganligi va amaldagi qonun doirasida harakat qilganligini ma`lum qilamiz.
Murojaat muallifiga madaniy boyliklarni olib chiqish masalasi yuzasidan Madaniyat vazirligiga murojaat qilish lozimligini yana bir bor eslatib o`tamiz.
Davlat bojxona qo`mitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va xaqqoniy xabarlarni e`lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o`zaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini ma`lum qiladi.