Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2019 yil 27 dekabr kuni yoshlar bilan videomuloqot shaklida o`tkazilgan ochiq muloqotda yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Shuningdek, yosh tadbirkor, olimlar va yangi innovasion g`oyalarni amaliyotga tatbiq etuvchi yoshlarni qo`llab-quvvatlash masalalari ham muhokama etildi.
Mazkur dolzarb vazifalarning ijrosini ta`minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda “Yoshlar start up loyihalar” Forumi tashkil etildi.
Yoshlar markazida tashkil etilgan mazkur forumda Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiallarining talabalari, Yoshlar ittifoqi faol yoshlari, tadbirkorlar, bank muassasasi xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda asosiy e`tibor viloyat yoshlarining innovasion “Start up” loyihalarini amalga oshirish hamda mazkur sohadagi tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etish orqali jamiyatda korrupsiya va “xufyona iqtisodiyot”ni oldini olishga qaratildi.
Forumda viloyatdagi oliy ta`lim muassasalarining bitiruvchilari tomonidan yaratilgan 20 ga yaqin turli sohalardagi loyihalar taqdimoti bo`lib o`tdi. Shuningdek, tadbirkorlik sohasida o`z o`rniga ega yirik ishlab chiqarish korxonalar mahsulotlarining ko`rgazmalari ham tashkil etildi.
Ma`lumot o`rnida shuni aytib o`tishim lozimki, Startapda ikki narsa muhim: istak va intilish. Biznesni boshlash u qadar murakkab vazifa emas, asosiysi muvozanatni saqlash va muvaffaqiyatga erishish yo`llarini qidirish.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu forumda yoshlar bandligi masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. Tadbirda milliy ishlab chiqarish mahsulotlari bilan ishtirok etgan tadbirkorlik sub`ektlari bitiruvchilarni ish bilan ta`minlash yuzasidan o`z takliflarini bildirishdi.
Bu kabi tadbirlarni tashkil etilishi bo`lajak tadbirkorlarni biznes-reja tuzish, biznes yuritishda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan muammolarni tezkor hal qilishda hamda zarur axborot va huquqiy maslahatlar olishga xizmat qiladi.






