So`ngi vaqtda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari davlat raqami o`qib bo`lmaydigan holatga keltirilgan avtomobillar suratlarini tez-tez bizga jo`natishmoqda, deya ma`lum qildi Toshkent shahar IIBB.
Suratlarda ko`pincha avtomobillar davlat raqamlari bo`yoq bilan bo`yalgan yoki ulardagi harflar ustiga biror narsa yopishtirilganligi, raqamlari ustidan turli plyonkalarni to`liq yotqizishlari aks etgan (bu bilan raqamlarni radarlar uchun “ko`rinmas” holga keltirmoqchi bo`ladilar). Ba`zida raqamlarni rasvo holatga keltirishadi. Bunday holatning g`ayritabiiyligi avtomobilning kuzovi yarqiraydigan darajada tozaligi bilan ko`zga tashlanadi.
Yo`l harakati qoidalarida bir qator shartlar borki, ular yuzaga kelganda avtomobildan foydalanish taqiqlanadi. Ular qatorida davlat raqam belgilarining etarli darajada ko`rinmaslik holat ham qayd etilgan. Haydovchi muntazam ravishda avtomobilining holati foydalanish shartlarining barchasiga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qilib turishi lozim. Aks holda jarima maydonchasiga tushib qolish mumkin.
“28 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilaridan biri biz bilan ulashgan suratda Matiz rusumli avtomobil 10 W 834 QA davlat raqamining ikkita belgisi ustiga puxtalik bilan qozog` yopishtirgani aks etgan. Qo`shimcha tarzda xuddi shu avtomobilning boshqa rakursdan tushirilgan surati ham jo`natilgan edi: unda old tomondagi davlat raqamlari talablarga muvofiq holatda edi.
Shu kunning o`zida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari avtomobilni ishonchnoma asosida boshqargan haydovchi 31 yoshli Hilola M.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 125 (“Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish”) hamda 128-6 (“Transport vositalari haydovchilarining to`xtash yoki to`xtab turish qoidalarini buzishi”) moddalariga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirdilar”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Ma`lumot uchun: “davlat raqam belgisi yasama yoki o`zga usullarda o`zgartirilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi ayni shu transport vositasiga tegishli bo`lmagan transport vositasini boshqarish – bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi” (maqola e`lon qilingan vaqtda ushbu mablag` 2 230 000 so`mni tashkil qilar edi). O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq, mazkur hollarda qoidabuzarning transport vositasi jarima maydonchasiga joylanadi.
Shuningdek xabarda:
“Fuqarolik pozisiyasini namoyon qilib, bizga qoidabuzarlar haqida xabar beruvchilarga murojaat qilmoqchimiz: avtomobilning ikkala davlat raqamlarini surati (old va orqa tomondagilar), hamda qoidabuzarlik vaqti va joyi haqida ma`lumot bo`lishi kerak. Sizning yordamingiz sababli poytaxt yo`llari xavfsizroq bo`lmoqda, chunki jazolanmasligiga ishongan haydovchidan yomoni yo`q” — qo`shimcha qilgan poytaxt IIBB.






