Samarqandning Bulung`ur tumanidagi Pastki Qo`shtamg`ali qishlog`ida sodir bo`lgan fojia haqida Kun.uz nashri “Na postu” gazetasidagi maqola asosida xabar beradi.
Unda aytilishicha, Gulsara (ism-shariflar o`zgartirilgan) ikkinchi eri Akromning ichkilikka mukkasidan ketganligi tufayli birinchi nikohidan bo`lgan farzandi , 20 yoshli Iskandarni qarindoshlarinikiga jo`natib yuborgan, o`zi esa qolgan uch farzandi bilan eridan aziyat chekib yashashda davom etgan. Bir kuni Akrom mast holda o`z qizini zo`rlashga harakat qilgan. Bundan xabar topgan Gulsara katta farzandi Iskandarni va 18 yoshli ikkinchi o`g`li Ilhomni yordamga chaqirgan. Ular Akromni o`ldirishga qaror qilishgan. O`g`illar kechasi Akrom uxlab yotgan xonaga kirib, unga metall buyum bilan bir nechta zarba berishgan, so`ng bo`yniga sirtmoq tortishgan. Joni uzilgan Akromni hovlida ko`mib qo`yishga qaror qilishgan.
Ammo jinoyat tez orada huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan fosh etilib, aybdorlar jazoga tortilgan. Sud chog`ida Gulsara o`z farzandlarini bunday mudhish jinoyatga da`vat qilganidan pushaymonligini bildirgan.





