Bugun Aloqa va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Unda markaz direktori Akram Xalilov so`zga chiqib, markaz faoliyatiga bog`liq ma`lumotlar yuzasidan quyidagilarni bayon qildi:
- Joriy yilning 17 yanvar kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-4125-son qaroriga muvofiq amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi. Unga ko`ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga sud ekspertizalarining 44 ta turini o`tkazish huquqi berildi, ularning qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini tashkil qilish hamda sud eksperti sertifikatini olgan shaxslarning Yagona reestrini va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingini yuritish belgilandi.