Tashqi ishlar vazirligi Eronda bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.
"2020 yil 1 martdan boshlab Tehron shahridagi O`zbekiston Elchixonasi huzurida Ishchi guruh tuzilgan bo`lib, u Eronda COVID-19 koronavirusining tarqalishi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat barqarorlashganiga qadar tunu kun faoliyat yuritadi.
Elchixona ma`lum qilishicha, hozirgi paytda 50 ga yaqin hamyurtlarimiz turli sabablarga ko`ra Eronda bo`lib turibdi, ertalab 6 mart holatiga ko`ra ular orasida koronavirus bilan kasallanganlar qayd etilmagan.
Elchixona Eron tomonining vakolatli organlari bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi, Ishchi guruh a`zolari uchrashuvlar, tushuntirish ishlari olib bormoqda, shuningdek, vatandoshlarga konsullik huquqiy va boshqa masalalarni hal qilishda yordam bermoqda."
Elchixona rasmiy veb-sayti va “Telegram” messenjerida tashkil etilgan maxsus guruh orqali O`zbekiston fuqarolariga Eron hukumati o`rnatgan me`yor va qoidalariga, ehtiyotkorlik sanitariya choralariga qat`iy rioya qilishlarini, vatanga qaytish yoki boshqa bir qarorga kelishdan oldin, hotirjamlik va ehtiyotkorlik bilan xulosa chiqarishni tavsiya etadi. Shuni yodda tutish joizki, Erondan Toshkentga qaytgach, O`zbekiston fuqarolari maxsus tayyorlangan joyda 14 kun davomida karantinda bo`ladilar.






