1

Tarixiy hujjat imzolandi: Paxta bo`yicha davlat buyurtmasi bekor qilinmoqda

Jamiyat 06.03.2020, 15:53
Tarixiy hujjat imzolandi: Paxta bo`yicha  davlat buyurtmasi bekor qilinmoqda

Qarorga ko`ra, davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti hamda paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini ta`minlash, davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, paxta xom ashyosi etishtirish, xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta`minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, ushbu yo`nalishda fermer xo`jaliklari manfaatdorligini oshirish hamda qishloq xo`jaligi sohasiga investisiyalarni keng jalb qilish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida" gi qaror qabul qilindi.

Unga ko`ra, Birinchidan, 2020 yil hosilidan boshlab:

  • davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
  • paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;
  • paxta xom ashyosi etishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi;
  • sertifikatlangan urug`lik etkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Urug`chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug`chilik klasterlari va elita urug`chilik xo`jaliklari, paxta to`qimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

Ikkinchidan, Paxta-to`qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xo`jaliklarining ixtiyoriy kooperasiyasi tashkil etiladi.

Koorperasiyaning asosiy vazifalari:

  • kooperasiya a`zolari tomonidan, texnika, uskuna, transport vositalaridan, paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish;
  • kooperasiya a`zolarini qishloq xo`jaligi texnikasi, yonilg`i-moylash materiallari, o`g`it, urug`lar, shuningdek, kimyoviy himoya vositalari bilan ta`minlash;
  • ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishni tashkillashtirish;
  • qishlok xo`jaligi birlashmalari a`zolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni ko`rsatish.

Uchinchidan, paxta xom ashyosi etishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.

2020 yil 15 martdan boshlab:

a) paxta xom ashyosi etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi jamg`arma mablag`lari hisobidan 12 oy muddatgacha etishtiriladigan paxta umumiy qiymatining 50 foizigacha bo`lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 %, 60 foizigacha bo`lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10% stavkadan (shundan bank marjasi 2%) oshmagan mikdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

  • kredit oluvchilar agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, kredit mablag`laridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar etkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;
  • paxta xom ashyosi etishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablag`larining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat kredita sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

b) etishtirilgan paxta xom ashyosini xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha paxta yig`im-terimi hamda yakuniy hisob-kitob uchun tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

  • milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo`yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 % punktidan ko`p bo`lmagan qismiga;
  • xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo`yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 % punktidan ko`p bo`lmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi hisobidan kompensasiya beriladi.

2021 yil hosilidan boshlab paxta xom ashyosini etishtirishni kreditlash tartibi fermer xo`jaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi (er maydoni to`liq klasterga berilgan hududlar bundan mustasno)

To`rtinchidan, “O`zpaxtasanoat” AJni tugatish choralari ko`riladi.

Bunda:

  • kooperasiya tashkil etiladigan hududlarda paxta tozalash zavodlaridagi “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari aksiya (ulush) paketlarini belgilangan tartibda kooperasiyalarga yoki tadbirkorlik sub`ektlariga sotish;
  • “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik” birlashmalarining paxta tozalash zavodlaridagi aksiya (ulush) paketlari sotilishiga qadar, ushbu zavodlar tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash xizmati (tegirmon usulida) ko`rsatish nazarda tutiladi.

Beshinchidan,

  • Jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar e`lon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar o`zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi;
  • paxta etishtiruvchilarning daromad olishlarini ta`minlash maqsadida paxta yig`im-terimi mavsumidan oldin qo`lda terilgan 1 kg paxta xom ashyosini terish haqining tavsiyaviy miqdorining ommaviy axborot vositalarida e`lon qilib borilishi ta`minlanadi.

Paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang`ich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlang`ich narx shakllanishida 10 % chegirma qo`yish bekor qilinadi.

Respublika hududlarida “O`zpaxtasanoat” AJ va uning tizimiga kiruvchi korxonalar ishtirokida tikuv-to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga mo`ljallangan majmualarni klasterlar tomonidan tashkil etish yo`lga qo`yiladi.

Fermer xo`jaliklariga ekin mavsumi boshlanishidan oldin narxlar e`lon qilib borilishi xo`jaliklarga paxta etishtirishning iqtisodiy natijasini ko`rish, kerak bo`lsa, ularga o`z biznes-rejasini to`g`ri tuzish imkonini beradi va qolaversa, ularni o`z xarajatlarini maqbullashtirishga undaydi.

Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang`ich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlang`ich narx shakllanishida 10 % chegirma qo`yish bekor qilinadi.

(material to`ldirilmoqda)

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1