1

Qaror imzolandi: Fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish tartibi yanada takomillashtirildi

Jamiyat 06.03.2020, 20:12
Qaror imzolandi: Fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish tartibi yanada takomillashtirildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti bugun, 6 mart kuni “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Eslatib o`tamiz, Prezidentning mazkur qarori loyihasi 2019 yilning dekabrida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qo`yilgan edi.

Qarorda belgilanishicha, chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini takomillashtirish, mazkur jarayonni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash, nomzodlarga qo`shin turlarini tanlash imkoniyatini yaratish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirish jarayonidagi bir-birini takrorlovchi tadbirlarni istisno etish maqsadida: 

O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirishning asosiy yo`nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

  • O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar safini har tomonlama etuk, sog`lom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiriluvchilar bilan butlash;
  • chaqiriluvchilar ongida milliy g`urur, ona yurtga sadoqat, vatanparvarlik va millatparvarlik tuyg`usini kuchaytirish;
  • chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning mavjud tizimini optimallashtirish;
  • chaqiriluvchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarni soddalashtirish;
  • tibbiy ko`rikdan o`tkazish sifati va samaradorligini oshirish;
  • tibbiy ko`rikdan o`tkazishning xolisligini va tezkor amalga oshirilishini ta`minlashga yo`l qo`ymaydigan mavjud tizimni qayta ko`rib chiqish;
  • chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklarni harbiy okruglar harbiy gospitallari mutaxassislari tomonidan o`tkazish;
  • harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek harbiy okrug qo`mondonlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.

“Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish bo`yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Nizomga ko`ra, Harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonlari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining o`tkazilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan mas`uldirlar.

Nizomga ko`ra, quyidagilar o`z faoliyatini har yili:

  • tuman (shahar) mudofaa ishlari bo`limlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalar − 15 fevraldan 30 aprelgacha; 
  • tuman (shahar) mudofaa ishlari bo`limlari huzuridagi butlash komissiyalari − 15 fevraldan 30 aprelgacha; 
  • Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yig`ish punktlarida harbiy tibbiy komissiyalar − 20 fevraldan 30 aprelgacha; 
  • Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi − 20 fevraldan 
    30 aprelgacha; 
  • tuman (shahar) mudofaa ishlari bo`limlari huzuridagi hududiy komissiyalari − 1 martdan 30 aprelgacha amalga oshiradi. 

Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatiga olish bo`yicha komissiyalar a`zolarining (kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchilar bundan mustasno) doimiy ish joyi (lavozimi) va o`rtacha oylik ish haqi ular mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarini bajaradigan butun davr mobaynida saqlab qolinadi. 

Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi bo`lgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan Rahbariyat kengashiga, shuningdek belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo`lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo`ladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1