Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati xodimlarining murojaati e`lon qilindi. Unda aytilishicha, jamiyat rahbari Ahad Jo`raev “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi uchun ajratilgan qimmatbaho transformator, kabellar, simyog`ochlarni boshqa maqsadlarda sotib yuborgan va Prezident qarori bajarilishini ta`minlamay, 9 milliard so`mdan ortiq zarar keltirgan. Nazorat taftish boshqarmasi, Hisob palatasi, moliya, soliq, ichki va tashqi audit kabi vakolatli tekshiruvchi organlar tomonidan kamomadlar aniqlangan bo`lsa-da, haligacha hech qanday chora ko`rilmagan.
Bundan tashqari murojaatda korxonada ishchilardan pul yig`ib olinishi, oylikdan majburan ushlab qolinishi, qarindosh-urug`chilik, tanish-bilishchilik, rahbar lavozimlariga yaqin qarindoshlarni tayinlanish holatlari kundan kunga avj olayotgani iddao qilinadi.
Ushbu xabar yuzasidan «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ ham o`z munosabatini bildirdi.
Unda ta`kidlanishicha esa «Andijon hududiy elektr tarmoklari korxonasi» AJ va tizimdagi boshqa viloyatlardagi kabi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.11.2016 yildagi PK-2661-sonli Qarori ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi topshirig`i bo`yicha o`rganish o`tkazilgan. O`tkazilgan o`rganish natijasida davlatga hech kanday 9 milliard so`mdan ortiq zarar keltirilganlik holati aniqlanmagan hamda tekshirishda aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, tegishli vakolati tashkilotlarga taqdim qilingan.
Albatta ijtimoiy tarmoqlardagi murojaat va uni rad etuvchi munosabatga huquq-tartibot idoralari tomonidan oydinlik kiritilsa maqsadga muvofiq bo`lardi.