AsosiyJamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilayotgan xorazmlik fuqaroga nima uchun kredit berilmayotgani ma`lum qilindi

'Ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilayotgan xorazmlik fuqaroga nima uchun kredit berilmayotgani ma`lum qilindi'ning rasmi

"Bankir kundaligi" telegram kanalida "Murojaatga befarq munosabat" sarlavhali tanqidiy post e`lon qilindi. Unda Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi Jumanazarov Sirojbek ismli fuqaro Xalq bankidan kredit ololmayotgani, oldin ham shu kanal orqali murojaati e`lon qilinganidan so`ng moliya muassasasi xodimlari 33 mln. so`m kredit ajratilishini aytishgani yozilgan. Biroq oradan 1 oy muddat o`tishiga qaramasdan, fuqaroga kredit ajratilmaganidan shikoyat qilgan. Xalq banki rahbariyati ushbu murojaatni qayta o`rganib chiqdi.

Ma`lum bo`lishicha, fuqaro Jumanazarov Sirojbek "Suxrobbek Sirojbek" oilaviy korxonasi nomiga tikuvchilik faoliyati bilan shug`ullanish uchun bankning Xonqa tumani filialiga kredit ajratilishini so`rab murojaat qilgan. U kredit ta`minoti sug`urta kompaniyasining kredit qaytmaslik xatari yuzasidan sug`urta polisini berishini bildirib, boshqa ta`minot taqdim qilmasligini aytgan.

Bank xodimlari suhbat jarayonida fuqaroga ta`minot sifatida kredit hisobiga sotib olinadigan tikuv mashinalarini ham garovga qo`yishi mumkinligini ma`lum qilgan. Shundan so`ng bank xodimlari tomonidan mijozning faoliyat joyida dastlabki monitoring o`tkazilganda 2 dona tikuv mashinasi borligi aniqlangan. Vaholanki, mijoz tomonidan bankka ta`minotchi korxona tomonidan 6 dona tikuv mashinasi etkazib berilgani to`g`risidagi yuk xati taqdim etilgan.

Shu bois kredit ajratishga mas`ul bo`lgan bank xodimi kredit qaytishi xatari yuqori bo`lgani bois mijozdan qo`shimcha ta`minot so`ragan. Biroq mijoz bunga o`z noroziligini bildirgan.

Ayni paytda ushbu masala Xalq banki rahbariyati tomonidan nazoratga olindi. Tadbirkorga mavjud qonun talablaridan kelib chiqqan holda kredit ajratish choralari ko`rilmoqda.

Shu haqiqatni ham aytish kerakki, turli ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilinayotgan murojaatlar o`rganilganda ularning aksariyati o`z tasdig`ini topmayapti. Mavjud qonunchilik talablari asosida barcha hujjatlar taqdim etilgandan so`nggina mijozlarga kredit ajratiladi. Xalq bankining hech bir xodimiga, qonunni chetlab o`tib, mijozga kredit ajratish vakolati berilmagan.

Yana bir gap, Xalq banki tomonidan yaqinda "Oilaviy biznes" mobil ilovasi ham ishga tushirildi. Bu orqali aholi tadbirkorligini kreditlash onlayn tarzda amalga oshiriladi. Ya`ni bunda inson omili kamaytirilib, mijozlarga qulay va shaffof kredit xizmatlari ko`rsatiladi. Ushbu ilova ishga tushirilgan bo`lsa-da, Xalq bankining barcha filiallariga mijozlar to`g`ridan-to`g`ri yozma murojaat orqali ham kredit olish istagini bildirishi mumkin. Bu masalada hech qanday cheklov qo`yilmagan.

Shuningdek, "Bankir kundaligi"da e`lon qilingan postda Xalq bankida mart oyidan boshlab iste`mol, mikroqarz, avtokredit kabi kreditlar ajratilishi to`xtab qolganiga e`tiroz bildirilgan. Shuni ma`lum qilamizki, Xalq banki o`z imkoniyatlari doirasida va mavjud moliyaviy resurslaridan kelib chiqqan holda kredit ajratadi. Hech bir tijorat banklarida moliyaviy resurslar cheksiz emas, deya rasmiy tushuntirish berilgan Bank Axborot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar