Deputat Aktam Xaitov Prezidentning 9 mart kuni qabul qilingan g`alla etishtirish, xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risidagi qaror bilan joriy etiladigan o`zgarishlarni sanab o`tdi.
Birinchidan, joriy yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don etishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinsa, 2021 yil hosilidan boshlab davlat g`allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to`liq voz kechadi. Davlat xaridi to`liq bekor qilinadi. Fermerlar va boshqa g`alla etishtiruvchilar g`allani sotishda to`liq mustaqil bo`ladi. Bunda etishtirilgan g`alla barcha iste`molchilarga birja savdolari orqali yoki to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida erkin narxlarda sotiladi.
Ikkinchidan, ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta`minlash uchun zarur miqdordagi donni maxsus Jamg`arma erkin narxlarda xarid qiladi.
Endilikda davlat xarid qiladigan bug`doy faqatgina davlat korxonalari omborlarida emas, balki mulkchilik shaklidan qat`iy nazar barcha korxonalarning donni saqlash talablariga javob beradigan omborlari yoki sig`imlarida shartnoma asosida saqlanishi mumkin.
Uchinchidan, har yili 1 avgustga qadar kelgusi yil g`alla hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar ommaviy axborot vositalari orqali e`lon qilinadi va bozorlardagi narxlardan kelib chiqib har chorakda tuzatishlar kiritib boriladi. Jahon bozori va mintaqaviy birjalardagi narxlar tahlili asosida minimal narxlar aniqlanadi va shartnomalarni tuzishda mo`ljal sifatida xizmat qiladi. Bu ishni O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi vazirligi O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bilan birgalikda amalga oshiradi.
To`rtinchidan, g`alla etishtiruvchilarni moliyalashtirishning yangicha tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizimning ahamiyati shundaki, bunda davlat agrar sohada o`zining asl funksiyasini bajaradi hamda g`alla etishtiruvchilarga o`zining moliyaviy ko`magini bozor iqtisodiyoti talablari asosida taklif qiladi. Bu mahsulot etishtiruvchilarga barcha agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida bajarish imkonini beradi hamda fermer xo`jaliklarining ko`radigan daromadi bevosita o`z mehnatiga bog`liqligini ta`minlaydi.
Beshinchidan, ushbu qaror bilan g`allachilikka ixtisoslashgan fermer xo`jaliklariga ko`rsatiladigan xizmatlar monopoliyasiga barham berilmoqda. Ya`ni, “O`zdonmahsulot” taklif qiladigan xizmat – donni saqlab berishni boshqa tadbirkorlik sub`ektlari ham taklif qilishiga ruxsat berilmoqda. Bu – sohada qo`shimcha ish o`rinlari yaratishidan tashqari, xizmat ko`rsatuvchi korxonalar o`rtasida sog`lom raqobat muhitini yaratadi. Natijada, g`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklariga ko`rsatiladigan xizmatlar sifati ortib borib, jahon standarti talablariga mos keladigan tizim barpo etiladi.






